Xalqchil hamda professional: Ichki ishlar idoralari shunday tuzilma bo‘ladi

Prezident tomonidan 20 yanvar kuni «Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» qaror imzolandi.
Aslida hujjat nomining o‘zi ko‘p narsaga oydinlik kiritadi. Shunday bo‘lsa-da, ayrim jihatlarni qayd qilish maqsadga muvofiq.
Yangiliklar ko‘p
Hujjat bilan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi tasdiqlandi.
Kodeks ichki ishlar organlari xodimlarini «Inson qadri uchun» tamoyili asosida tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishishga qaratilgan. Undagi qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qo‘pol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan bo‘shatishgacha bo‘lgan intizomiy jazo chorasini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Hujjat bilan shuningdek, ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Bundan tashqari, hujjat bilan Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, boshqa vazifalar qatori inson omilini istisno etish hamda korrupsiya holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xizmatni o‘tash qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, shaxsiy tarkib va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish tizimini zamon talablariga mos ravishda to‘liq raqamlashtirish Departamenti faoliyatini ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.
Tartiblarda ham o‘zgarish bor
Vazirlikning ichki ishlar organlarida xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlarga nisbatan tayinlanadigan dastlabki sinov muddatini bir yil etib belgilash taklifiga rozilik berildi.
Ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar dastlabki sinov muddati davrida Kodeks qoida va talablarini buzgan holatlarda ularga biriktirilgan murabbiylar, aybdorlik darajasidan kelib chiqib, egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy jazoga tortiladi.
Joriy yil 1 sentyabrdan boshlab huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlarini «Fuqarolar bilan ishlash moduli» bo‘yicha uzluksiz o‘qitish amaliyotini yo‘lga qo‘yish orqali ularning sohada samarali xizmat olib borishdagi shaxsiy mas’uliyati oshiriladi.
Yil yakuniga qadar mansab lavozimlarini yuqori ma’naviy-axloqiy, ishchanlik va kasbiy sifatlarga ega bo‘lgan nomzodlar bilan to‘ldirishni nazarda tutgan holda, ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilishning sifat jihatidan yangi, soddalashtirilgan tartibini o‘rnatish hamda «Ye-nomzod» elektron axborot tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘riladi.
Jamoatchilik nazorati bo‘ladi
Qarorga ko‘ra, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimini yaratish maqsadida Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalarida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan, soha olimlari, faxriylari va jurnalistlardan iborat jamoatchilik kengashlari tuziladi.
Quyidagilar jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi:
- ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va tizimli monitoring olib borish;
- ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini ta’minlash choralarini ko‘rish;
- ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarni batafsil o‘rganish va uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazish.
O‘zgarishlar, yangililiklar qisqa muddatlarda amaliyotga joriy etilib, pirovardida ichki ishlar idoralarini xalqqa eng yaqin xizmatlardan biriga aylantirishi shubhasiz.
Azizbek Omonov,
Samarqand shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.