Xalqimizga rizq yaratish uchun barcha imkoniyatni ishga solamiz
Prezidentimiz raisligida shu yil 14 aprelda o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini yanada rivojlantirish va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bugun amalga oshirish zarur bo‘lgan dolzarb yumushlar belgilab berildi.
Ta’kidlanganidek, bugun har daqiqa g‘animat, ekinlarni ekishga oz muddat qoldi. Bu ishlarni o‘n kun ichida yakunlash zarur. Shuningdek, hozirgi pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash asosiy vazifa sanaladi. Chunki pandemiya va karantin qancha vaqt davom etishidan qat’i nazar, aholining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoji kamaymaydi. Demak, meva-sabzavotchilik va chorvachilik tarmoqlarida mahsulot yetishtirish hajmini ikki barobarga oshirish shart.
Assotsiatsiyamiz Prezidentimizning ushbu topshiriqlarini og‘ishmay, o‘z vaqtida bajarishga qizg‘in kirishdi. Tasarrufimizdagi bog‘lar qator oralarining har bir qarichidan samarali foydalanib, 2-3 marta hosil olish uchun ertagi sabzavot ekinlarini ekishni boshladik. Maqsadimiz, bugungi sinovli damlarda biz, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash korxonalari vakillariga berilgan ishonch va mas’uliyatli vazifani to‘laqonli bajarish va albatta aholining oziq-ovqat, meva-sabzavot va go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun bor imkoniyatdan samarali foydalanishdan iborat. Chunki endi mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan birga import qilinayotgan tovarlar o‘rnini ham qoplashimiz lozim.
Davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida senator sifatida ham zarur yumushlarni bajarishga kirishdim. Tumanimiz aholisi parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha katta tajribaga ega. Hududimizda parrandachilikka ixtisoslashgan o‘nlab yirik va qo‘shma korxonalar borligi fikrimni tasdiqlaydi.
Prezidentimiz yig‘ilishda bu yo‘nalishda aholi bilan kooperatsiyani rivojlantirish kerakligi, shu asosda xonadonlarda parranda boqish tajribasini keng joriy etish lozimligini alohida ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, tumanimizdagi olis qishloq aholisiga parrandachilik korxonalarining uch kunlik jo‘jalarni tarqatib, ozuqasini yetkazib berishi borasidagi ishlarni tizimli ravishda tashkil etamiz. Kooperatsiya tashkil etishning huquqiy jihatlarini ishlab chiqamiz.
Shavkat Jalolov,
Oliy Majlis Senati a’zosi, Samarqand tumanidagi “Agromir group” direktorlar assotsiatsiyasi kengashi raisi.