Xavotirga o‘rin yo‘q! Haydovchilar «Avtotest» o‘rniga «Vatanparvar»da malaka oshirishlari mumkin

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda «Avtotest Report» mas’uliyati cheklangan jamiyati yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarini, shu jumladan yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malakasini oshirish bo‘yicha faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi.

Bu xabar e’lon qilingach harakat ishtirokchilarida “endi, malaka oshirish uchun qayerga murojaat qilishimiz kerak?” degan savollar tug‘ildi.

Shunga javoban O‘zbekiston Respublikasi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi mazkur masala yuzasidan bayonot bilan chiqdi:

"Ma’lum qilamizki, hozirgi kunda O‘zbekiston Mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti malaka oshirish kurslarini ochish uchun litsenziya olish ishlarini nihoyasiga yetkazmoqda".

“Vatanparvar” tashkilotining respublikaning barcha hududlarida tarmoqlari mavjud. Yaqin kunlarda yuridik maqomdagi tashkilotlar “Vatanparvar” tashkilotining hududiy tarmoqlariga murojaat qilishlari hamda belgilangan tartibda malaka oshirish kurslarida o‘qishlari mumkin bo‘ladi.