Xayrli tong azizlar!

Navro‘zing – yangi kun, yangi davroning muborak, jonajon O‘zbekistonim!

Navro‘z O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq xalqlarining qadimiy, an’anaviy yangi yil bayrami.

Bu bayram O‘rta Osiyoda islom dini qabul qilinmasdan ancha ilgari mavjud bo‘lgan. Navro‘z haqida Abu Rayhon Beruniyning «Kitob at-taqvim» («Tushuntirish») va «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarlarida ma’lumot berilgan. Mahmud Koshg‘ariyning «Devoni lug‘otit turk» asarida bahorga va Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq lirik qo‘shiqlaridan namunalar uchraydi. Umar Xayyomning «Navro‘znoma» kitobida Navro‘z bayrami haqida qimmatli ma’lumotlar bor.

Quyoshning qamal burjiga kirishi, kecha bilan kunduzning barobar kelishi yil boshi hisoblangan. Bu eski Quyosh yili hisobida farvardin oyining avvaliga (22 mart) – kecha bilan kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanish, bahorning boshlanish davriga to‘g‘ri keladi. Buni kichik Navro‘z bayrami yoki ommaviy Navro‘z bayrami deyilgan. Farvardinning oltinchi kuni esa katta Navro‘z bayrami yoki maxsus Navro‘z bayrami deb atalgan. An’anaga ko‘ra, kichik Navro‘z bayramidan boshlab hamma narsa amalga kiradi, deb hisoblashgan.

Navro‘z bayramining paydo bo‘lishini bizgacha yetib kelmagan qadimiy paxlaviy kitoblardagi ma’lumotlar asosida Abulqosim Firdavsiy o‘zining «Shohnoma» asarida yarim afsonaviy shoh Jamshid nomi bilan bog‘laydi. «Jamshid temir eritib qurol yasashni, ip yigirib, to‘qib, kiyim tikishni, uy, hammomlar qurishni ixtiro qiladi, so‘ng kishilarni o‘z qobiliyati va hunariga qarab guruh-tabaqalarga ajratadi. Nihoyat, bir kuni bir taxt yasatib, unda osmonga ko‘tariladi. Bu farvardinning birinchi kuni edi. Hamma juda baxtiyor, g‘am-anduhni unutib, shu kuni barcha Jamshidni tabriklaydi va bayram yangi yil boshi bo‘lib an’anaga aylanib qoladi».

Tarixiy manbalarga qaraganda, Navro‘z bayramini o‘tkazish ahamoniylar davridan boshlab an’anaga aylangan va O‘rta Osiyo, Eron, Afg‘oniston xalqlarida eng katta bayram hisoblangan. Bu o‘lkalarga islom dini kiritilgan paytda Navro‘z bayrami taqiqlangan. Ammo podsho saroylarida rasmiy sifatda bayram qilinmasa-da, xalq o‘z sevgan bayramini davom ettirgan. Shuning uchun ham O‘rta Osiyo va Eron xalqlari arab xalifaligi hukmronligidan kutilgan davr (IX-X asrlar)dan boshlab Navro‘z bayramini o‘tkazish yana rasmiy tus olgan. Abu Rayhon Beruniyning «Yodgorliklar» kitobida ma’lumot berishicha, bayram farvardinning oltinchi kuni, ya’ni katta Navro‘zga qadar davom etgan.