Faxriy jurnalist Xayrulla Hamroyev xotirasi qalbimizdan o‘chmaydi
Hamkasbimiz - Xayrullo Hamroyevning vafot etganligi haqidagi xunuk xabar barchamizni qayg‘uga soldi. Iste’dodli shoir, publitsist, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi Xayrulla Hamroyev 63 yoshda edi.
X.Hamroyev 1956 yilda Bulung‘ur tumanining Oqtepa qo‘rg‘onida tug‘ilgan edi. O‘rta maktabni bitirgach, Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida tahsil oldi. Jurnalistika hamda badiiy ijodga qiziqishi bois, u dastlabki ish faoliyatini Bulung‘ur tumanining «Bulung‘ur hayoti» gazetasidan boshladi.
So‘ngra tuman radiosi tahririyatida, viloyat «Zarafshon» gazetasida, keyinchalik respublika «Mehnat», «Zarafshon» nashriyotlarida, «Oila va jamiyat» gazetasining viloyatdagi muxbiri sifatida faoliyat ko‘rsatdi.
Xayrulla Hamroyevning bir qator tarmoq gazetalari hamda matbaa nashrlarida kechgan faoliyati ham g‘oyat samarali bo‘ldi. Uning viloyatimiz hayoti bilan bog‘liq maqola, ocherk va lavhalari, tahliliy chiqishlari gazetxonlar e’tiborini qozongandi.
X.Hamroyev badiiy ijodda ham o‘z o‘quvchilariga ega qaynoq qalb, sohir ijodkor edi. Uning «Umrning ovozi», «Sarbon», «Taskin», «Ibratli umr», «Ayro yo‘lda adashganlar», «Barqaror avlod» singari nazmiy va nasriy asarlari kitobxonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Zamondosh va hamfikr do‘stlari, yelkadosh hamkasblari hamda shogirdlari nomidan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor qilamiz.
«Zarafshon» gazetasi tahririyatidan qadamini uzmagan, hammaslak qalamkash, kasbiga sodiq, kamtarin inson Xayrulla Hamroyev xotirasi qalbimizdan o‘chmaydi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi, viloyat «Zarafshon» va "Samarkandskiy vestnik" gazetalari birlashgan tahririyati.