Xazina izlovchilar rag‘batlantirildi

“Samarqandgeologiya” aksiyadorlik jamiyatida aprel oyining birinchi yakshanbasi geologiya sohasi xodimlari kuni munosabati bilan soha faxriylari, ishchi-xodimlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Unda geologlar tomonidan O‘zbekiston hududida keng ko‘lamli geologik tadqiqotlar o‘tkazilayotganligi, unda oltin, rangli va noyob metallar, nometall xomashyo hamda qurilish materiallarini baholash va qidirish ishlari olib borilayotgani ta’kidlandi.
- “Samarqandgeologiya” AJ tarkibida uchta yirik Shimoliy Nurota, Zarafshon, Zarmitan dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyalari mavjud, - deydi jamiyat boshqaruvi raisi Kamol Safarov. – Hozirda Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlari hududida Nurota, Navbahor, Paxtachi, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, G‘allaorol, Baxmal, Forish tumanlarida 31 ta loyiha asosida geologiya-qidiruv, Shimoliy Nurota, Ziyovuddin, Qo‘ytosh, G‘o‘bdintog‘, Molguzar, Turkiston tog‘ tizmalarida rudali va norudali foydali qazilmalarni izlash hamda qidirish ishlarini amalga oshirib kelyapmiz. Albatta, keyingi yillarda boshqa sohalar qatori geologiya sohasiga ham berilayotgan e’tibordan mamnunmiz. Alohida kasb bayramini nishonlashimiz, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan geolog” faxriy unvonining ta’sis etilishi sohaga bo‘lgan qiziqishimiz va ishga bo‘lgan mas’uliyatimizni yanada oshiradi.
Tadbirda sohada uzoq yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan va faol xizmat qilayotgan ishchi-xodimlarning bir guruhi jamiyat tomonidan faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Davra suhbati bir piyola choy ustida davom etdi.
Husan Eltoyev.