Xitoy ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi
Samarqand davlat universitetiga Xitoy Xalq Respublikasi ta’lim vaziri o‘rinbosari Sun Yao hamda Sian Jiatong universiteti vitse-prezidenti Si Guang boshchiligidagi delegatsiya keldi.
Universiteti rektori Rustam Xolmurodov bilan o‘tkazilgan muzokaralarda ikki tomon uchun ham muhim bo‘lgan sohalar: ta’lim, amaliy va fundamental tadqiqotlarda hamkorlik aloqalarini kengaytirish hamda keng miqyosda tajriba almashish maqsadida ilmiy almashinuv loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, hamkorlikda faoliyat olib boruvchi fanlararo loyihalar ustida ishlash maqsadida "Xitoy ilmiy-tadqiqot markazi"ni tashkil qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. Kelishuvga ko‘ra, markazning asosiy vazifalari qilib sug‘oriladigan dehqonchilik mintaqasida cheklangan suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish muammolarini hal qilish, chang bo‘ronlarining kelib chiqish sabablari va manbalarini aniqlash hamda ularning hududga salbiy ta’sirini yumshatish, yer va suv resurslarini texnogen ifloslanishdan tozalashning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish, genetika, seleksiya va urug‘chilik yutuqlaridan keng foydalanish hisobiga dala ekinlari hosildorligini oshirish kabi masalalarga yechim topish kabilar belgilandi.
– Samarqand davlat universiteti Xitoy Xalq Respublikasining ilm-fan, madaniyat va ta’limning ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik aloqalariga ega, - deydi rektor R.Xolmurodov, - Xitoyning yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar hamisha yuqori natijalarga daxldorligi bilan ajralib turadi.
Avvalgi uchrashuv va muzokaralarda zamonaviy jamiyatga tahdid soluvchi turli muammolarni bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun bir qator qo‘shma laboratoriyalar va fanlararo tadqiqot markazlarini ochish imkoniyatlarini muhokama qilgan edik. Bu boradagi birinchi qadam – Sian Jiaotong universiteti va SamDU vakillarining hamkorlikdagi faoliyatini ifodalovchi “Xitoy ilmiy-tadqiqot markazi”ning ochilishi bo‘ldi. O‘ylaymanki, bunday qo‘shma fanlararo markazning tashkil etilishi ikki davlat olimlarini birlashtiradi va kelgusida hamkorlikka boshqa mamlakatlardan yetakchi mutaxassislarni taklif qilish imkonini beradi. O‘z navbatida, biz mazkur yo‘nalishda jahon universitetlarining istiqbolli tadqiqotlari tajribasini o‘zlashtirish va o‘z sharoitimizga moslashtirish, shuningdek, bunday muvaffaqiyatli ishlanmalarni mintaqaning qo‘shni davlatlarida ham joriy etish va targ‘ib etishga tayyormiz.
Samarqand davlat universiteti axborot xizmati.