"Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" orqali yuk poyezdi yo‘lga qo‘yildi
O‘zbekiston Transport vazirligi "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" multimodal transport yo‘lagi orqali yuk poyezdi harakati yo‘lga qo‘yilganligini ma’lum qildi.
Tarkibida quyosh panellari, mexanik jihozlar, matolar va boshqa yuklarni o‘z ichiga olgan 30 ta konteynerdan iborat blok poyezdi "Lanchjou" stansiyasidan Toshkentga 15 kunda yetib kelishi kutilmoqda.
Yuklarning umumiy qiymati 2 million 500 ming dollarni tashkil etadi.
"Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" multimodal transport yo‘lagi orqali ilk sinov poyezdi harakatiga 9 iyun kuni start berilgan.
Ma’lumot uchun: mazkur jarayon Xitoyning "Zhejiang Union of Railway Logistics" kompaniyasi, "O‘zbekiston temir yo‘llari" va “Qirg‘iz temir yo‘li” milliy kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Bunga esa Sian shahrida bo‘lib o‘tgan "Xitoy – Markaziy Osiyo" sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar asos bo‘lgan.