«Xitoy Tayvanning mustaqilligiga hech qachon toqat qilmaydi» — Xitoy mudofaa vazirligi
Xitoy Tayvan bilan tinch yo‘l orqali birlashishga qat’iy sodiq, biroq Tayvanning “mustaqilligi”ga hech qachon toqat qilmaydi, dedi Xitoy Mudofaa vazirligi matbuot kotibi U Syan.
"Biz "bir davlat – ikki tizim" tamoyili asosida tinch yo‘l bilan qayta birlashish tarafdorimiz. Tayvan bo‘g‘ozining har ikki tomonini tinch yo‘l bilan birlashtirish uchun barcha sa’y-harakatlarimizni qilamiz, biroq Tayvanning "mustaqilligi"ga intilayotgan, vatanni parchalashga urinayotgan separatistik kuchlarga hech qachon toqat qilmaymiz", degan u.
U Xitoy dunyoda bittaligi, Tayvan esa uning ajralmas qismi ekanligi, Tayvan bo‘g‘ozining har ikki tomonidagi vatandoshlar taqdiri mushtarak va birodar ekanini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tayvan masalasi faqat Xitoyning ichki ishi bo‘lib, chet el aralashuviga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
“AQSh va Yaponiya Tayvan masalasida qanchalik ko‘p shov-shuv ko‘tarsa, biz milliy suverenitet va hududiy yaxlitlikni himoya qilish uchun yanada qattiqroq kurashamiz”, dedi u.
XXR markaziy hukumati va uning orol provinsiyasi o‘rtasidagi rasmiy munosabatlar 1949 yilda, Xitoy Kommunistik partiyasi bilan fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragan Chan Kayshi boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlari Tayvanga ko‘chib o‘tgandan so‘ng uzilgan.
Orol va Xitoy o‘rtasidagi biznes va norasmiy aloqalar 1980 yil oxirida qayta tiklandi. 1992 yildan boshlab tomonlar nodavlat tashkilotlar - Tayvan bo‘g‘ozi orqali aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha Pekin assotsiatsiyasi va Taybey jamg‘armasi orqali aloqa o‘rnatishni boshlashdi.