Xizmat emas, ko‘ngil ishi yoki qismati ustozlik bo‘lgan huquqbon

Yer yuzidagi barcha xalqlar uchun birdek qadrli va bebaho ne’mat bor. Bu tinchlik-osoyishtalikdir. Qayerdaki odamlar ushbu ne’matdan mosuvo bo‘lsa, ularning turmushida halovat bo‘lmaydi. Yaratganga beadad shukronalar bo‘lsinki, yurtimiz tinch, osoyishta. Buning zamirida ichki ishlar organlari xodimlarining zahmatli xizmati yotibdi.

Ana shunday zahmatli xizmatda fidoyilik ko‘rsatish barobarida, o‘nlab shogirdlarga ustozlik qilganlardan biri iste’fodagi mayor Ahmadjon Zubaydullayevdir.

U O‘zbe­kiston ichki ishlar organlari tizimidagi faoliyatini profilaktika inspektorligidan boshlagan. Keyinroq navbatchilik qismi katta inspektori, jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i, Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qildi. Burchga sadoqati, kasb mahorati, halolligi va qat’iyatliligi tufayli hamkasblari orasida hurmatga sazovor bo‘ldi.

– Biz ishlagan davrlarda hozirgidek sharoitlar qayer­da edi: transport yetishmasdi, aloqa vositalaridan faqat ratsiya berilardi, u ham ma’lum masofadan keyin o‘chib qolardi, – deydi Ahmadjon aka. - Ammo talab qat’iy – jinoyatchilikka qarshi keskin kurashish, huquq-tartibotni ta’minlash kerak. 1995-1997-yillarda bosqinchilik, o‘g‘rilik, talonchilik jinoyatlari soni ortib ketdi. Jinoyatlarni “issiq izida” fosh etish uchun kezi kelganda sutkalab uyga borolmasdik.

... 1997-yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida mudhish jinoyat ro‘y berdi. Xonadon sohibi o‘ldirib ketildi. Qolgan oila a’zolari ham og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Afsuski, ayolining ham joni uzildi. Ahmadjon aka tergov-tezkor guruhining boshqa a’zolari bilan birga ikki kun ichida 4 nafar jinoyatchini qo‘lga oldi.

- O‘sha paytda hozirgidek kuzatuv kameralari yo‘q edi, - deya xotirlaydi A.Zubaydullayev. - Jinoyatni ochishda qo‘shnilarning ko‘rsatmalari, bir qarashda arzimasdek tuyulgan mayda detallarga e’tibor qaratganimiz, asosiysi, xodimlarning sinchkovligi qo‘l keldi.

Tajribali xodim hamkasbla­riga topshiriq va tavsiya ­berish barobarida ana shunday amaliy ibrati bilan ham ustozlik qildi. Darvoqe, Ahmad­jon aka pensiyaga chiqqanidan keyin mahalla faoli sifatida yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash ishlarida ishtirok etib kelmoqda. “Uch avlod uchrashuvlari”da qatnashishni kanda qilmaydi. Uning yuragiga muhrlangan xizmat faoliyati haqidagi xotiralari, hayotiy tajribalari, maslahatlari va yo‘l-yo‘riqlari ko‘plab yosh xodimlar uchun go‘yoki amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qil­moqda.

Qahramonimizning turmush o‘rtog‘i Gulchaman opa mala­kali bolalar shifokori. Ikki o‘g‘il ham otasining izidan borishdi. Jahongir Toshkent shahar IIBBda xizmat qiladi, mayor. Ulug‘bek Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchisi, kapitan. Qizi Iroda tarjimon. Umuman, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Chinobod mahalla ahli bu oilani hurmat bilan tilga oladi.

Dilso‘z HOSHIMOVA.