Xizmat vazifasini bajarayotgan shaxsni haqorat qilish jinoiy javobgarlikka asos bo‘ladi
J.R. 2020 yil 18 mart kuni o‘zi yashab kelayotgan uyning unga rasmiylashtirilmayotganligi holatidan norozi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ishonch telefoniga murojaat qilgan va ushbu murojaat yuzasidan huquqiy yordam ko‘rsatish Samarqand viloyati adliya boshqarmasining huquqiy xizmat ko‘rsatishni davlat tomonidan tartibga solish bo‘limi xodimi I.A.ga yuklatilgan.
Adliya xodimi esa o‘zining xizmat vazifasiga yuklatilgan ushbu murojaatning qonuniy yechimini hal etish maqsadida 2020 yil 26 mart kuni soat 11:30 larda J.R.ga qo‘ng‘iroq qilib, xonadonida iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirganligi to‘g‘risidagi hujjatlardan nusxa berishini so‘raganida J.R. nojuya so‘zlar bilan adliya xodimining sha’ni va shaxsiyatini beodoblik bilan, qasddan tahqirlagan.
Sud majlisida so‘roq qilingan sudlanuvchi J.R. o‘z aybiga to‘liq iqrorligini, jahl ustida haqorat qilganligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini bildirib, unga nisbatan yengilroq jazo tayinlashni so‘radi. Jabrlanuvchi I.A. unga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2020 yil 19 iyundagi hukmi bilan J.R.ga O‘zbekiston Respublikasi JKning 140-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 9 (to‘qqiz) oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Begzod JUMABOYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.
Zarifa AHMEDOVA,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.