Xodim mehnat ta’tili davrida kasal bo‘lib qolsa, kasallik nafaqasi to‘lanadimi?
- Onam mehnat ta’tilida bo‘lgan kunlarda kasal bo‘lib qoldi. "Bolnichniy" qog‘oz ochilgan. Uni ishxonaga topshirsa "Siz ta’tilda bo‘lgansiz, ikki marta pul to‘lanmaydi", deyishibdi. Ularning bu gapi to‘g‘rimi?
Savolga mutaxassis-ekspert Ra’no Isamitdinova javob berdi:
- Mehnat kodeksining 145-moddasida xodimlar vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida ta’tilni uzaytirish yoki boshqa muddatga ko‘chirish huquqiga ega ekanliklari aytilgan.
Onangiz ta’tildan foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar to‘g‘risida ish beruvchini xabardor qilishi shart va uning ta’til davrida kelib chiqqan kasallik kunlaridagi ta’til tegishli kunlar soniga uzaytiriladi yoki ish beruvchi bilan kelishuvga binoan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismini boshqa muddatga ko‘chirish mumkin.