Xo‘ja Jahon Arshiy Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz bilgan
XVIII asrning ikkinchi choragidan boshlab Arshiy taxallusi bilan devon tartib bergan Xo‘ja Yoqub Xo‘ja Jahon (1685–1755 yillar) ismli hukmdor-shoir faoliyat olib borgan. Taxminan 1724–1730 yillar oralig‘ida Buxoro, Samarqand, Qo‘qon madrasalarida o‘qigan Arshiy turkiy, fors va arab tillarida she’rlar ijod qilgan. 1735–1759 yillar orasida Yorkent hokimi bo‘lishiga qaramasdan Arshiy har payshanba kuni «Oltin» deb ataluvchi madrasada talabalarga dars bergan. Ular orasida movarounnahrlik talabalar ham tahsil olishgan.
Xo‘ja Jahonning hukmdorligi davrida turkiy she’riyat rivojlanishi bilan birga fors, arab tillaridan qator nodir manbalar tarjima qilindi. Bu davrda Qosimiyning “Tazkirai Arslonxon”, muallifi noma’lum “Tazkirai Sulton Sutuq Bug‘roxon G‘oziy”, Niyoziyning «Tazkirai Zahiullo», Muhammad Amin Sadr Qashqariyning “Dur ul axbor”, Shoiroxunning “Islomnoma” nomli tazkirasi, tarixiy asarlar, qator bayoz va devonlar maydonga keldi.
Xo‘ja Jahon bu kabi ma’rifatparlik ishlarida ham, badiiy adabiyotda ham o‘ziga ustoz deb Alisher Navoiyni bilgan va buni ochiq oydin she’rlarida keltirib o‘tgan:
Netay jannatda bo‘lsa, yuz tuman hur,
Jahon bog‘ida bir hurliqo bas.
Chek emdi Arshiy turluk navoni,
Navoiy savtida navo cheksang bas.
Arshiy Alisher Navoiyni jannatdagi pok mahluqotlardan ham ustun va a’lo bilib, unga har jihatdan ergashishga, garchi, dunyoda ko‘plab navolar bo‘lsa-da, aynan Navoiy navosida kuy chalishga, ya’ni ustoz uslubida ijod qilishga e’tibor qaratgan. Arshiy she’rlarida Alisher Navoiy ruhiga g‘oyibona murojaat qiladi, hazrat ruhidan madad tilaydi:
Xisravu, Farhodu, Majnun bosh ko‘tarmas Ro‘zi hashr,
Bu jahoncha chunki ishqim sho‘na alvonin ko‘rib.
Benavo Arshiy tilar ruhi Navoiydin futuh,
Murg‘zori nazm aro murg‘i xush alhonin ko‘rib.
Gohida shoir Alisher Navoiydek ustoz ruhi oldida o‘zini ojiz sezadi, gohida esa ustozi kabi chiroyli bayot bitganidan faxrlanadi:
Navoiy garchi navo topmayin o‘lub sizdin,
Qo‘llangki emdi siz, Arshiy navoga boqing.
Alisher Navoiyning bir g‘azal maqtasi quyidagi ko‘rinishga ega:
Navoiy shoyad ul rahravg‘a bu maqsud nasib o‘lg‘ay,
Kim ul dashti fano qat’ etkali yillar raqam chekti.
Arshiy ulug‘ ustoz xulosasiga o‘ziga xos tarzda javob beradi:
Diyoru nazm aro shonlig‘ Navoiy garchi ko‘p surdi,
Gado Arshiy ham xon so‘z mulkida yillar qadam chekdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Arshiy” taxallusi bilan ijod qilgan Xo‘ja Jahon qo‘shni mamlakat Chig‘atoy ulusi hukmdor adiblari Husayn Boyqaro, Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Shayboniy, Ubaydiyga taqlidan hukmdorligini ijodkorlik bilan hamohang olib borgan. Futuhiy, Zuhuriy taxalluslari bilan she’r bitgan farzandlari bilan birgalikda Alisher Navoiydan o‘rnak olib, yurt ravnaqi, madaniyati, adabiyot va san’atning rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan.
Erkin MUSURMANOV,
filologiya fanlari doktori.