Xolasining umriga zomin bo‘lgan jiyan 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Jahl, g‘azabning avvali nodonlik, yakuni esa pushaymonlikdir. Johillikning oqibati hech qachon xayrli bo‘lmagan. Yo‘l qo‘yilgan xatoliklar, ro‘y bergan jinoyatlar zamirida ana shu illatlar yotadi. Shu bois insonga jahlni jilovlash, har qanday vaziyatda oqibatini o‘ylab yo‘l tutish uchun aql berilgan.

Xola doimo ona maqomiga tenglashtiriladi. Ming afsuski, ana shunday maqomga munosib bo‘lish uchun butun hayotini jiyanlariga bag‘ishlagan ayol bugun oramizda yo‘q. Chunki g‘azab otiga minib, jahlini jilovlay olmagan jiyan o‘z xolasining umriga zomin bo‘ldi. Zafar Karimboyev (ismi-shariflar o‘zgartirilgan) voyaga yetkazgan xolasining qotili, degan tamg‘ani oldi.

Zafar uch yoshga to‘lganida onasi ko‘krak bezi saratonidan vafot etdi. Otasi uch nafar bolani buvi tarbiyasiga qoldirib, boshqa oila qilib ketdi. Taqdirning ayanchli zarbalarini qarangki, oradan 6 yil o‘tib, buvi ham olamdan o‘tdi. Shundan keyin norasidalar onasining singlisi, ya’ni Masturaning qaramog‘ida qoldi. Hali turmushga chiqmagan Mastura butun umrini jiyanlariga bag‘ishladi. Oila qurmadi. Yillar o‘tib, jiyanlar ulg‘aydi. Ozoda turmushga chiqib ketdi. Asqar esa uylanib oilasi bilan Mastura opanikida yashay boshladi. Zafar o‘qishga qiziqmadi. Hali u ishning, hali bu ishning boshini tutdi. Pul topish uchun Qozog‘istonga ketdi. Novvoychilik, ustachilik qildi, issiqxonada ishladi. Biroz muddatdan so‘ng uyga qaytdi. Novvoyxonadan ish topdi. O‘sha kuni ham kechki mahal ishdan qaytayotib yo‘lda do‘konga kirib pivo ichdi. Televizor tomosha qilib o‘tirgan Mastura xola uning sarxush holda uyga qaytganini ko‘rib, jig‘ibiyron bo‘ldi. Uni tergadi. Bundan jahli chiqqan Zafar oshxonadan pichoqni olib chiqib avvaliga xolasiga o‘dag‘ayladi. Koyishda davom etaverganidan so‘ng g‘azabini jilovlay olmasdan, bir necha marta Mastura xolaning ko‘ksiga pichoqni sanchdi. Asqarning xotini Dilafro‘z shovqin-suronni eshitib, yugurib chiqqanida xola yonboshlagan kuyi yotar, Zafar esa uning oldida serrayib turar edi. Faqat Dilafro‘z “Nima qilib qo‘ydingiz?”, deya baqirganidan keyin qo‘lidagi pichoqni yerga tashlab ko‘chaga chiqib ketdi.

Sud Zafar Karimboyevni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 12 (o‘n ikki) yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Xalqimizda “Yetim qo‘zi asrasang, og‘zi-burning moy bo‘lur, yetim bola asrasang, og‘zi-burning qon bo‘lur”, degan maqol bor.

Mastura xola ham bevaqt vafot etgan singlisining farzandlarini o‘z qaramog‘iga olganida mehr berib, boshini silagan jiyani Zafarning bir kun kelib umriga zomin bo‘lishi yetti uxlab tushiga ham kirmagan bo‘lsa kerak…

Akramjon ARIPOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti.