Xonadonlarda qo‘lyuvgich bo‘lmasa, birlamchi tibbiyot targ‘iboti samarasiz

Keyingi yillarda tibbiyot sohasidagi islohotlar natijasida viloyatimizdagi 357 ta qishloq vrachlik punkti maqbullashtirilib, ular negizida 127 ta qishloq vrachlik punkti, 43 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 64 ta tez yordam shoxobchasi, 101 ta shifokor uchun uy-joylar tashkil etildi. 22 ta samarasiz faoliyat ko‘rsatayotgan qishloq vrachlik punktlari tugatildi. Yangi tashkil etilgan qishloq oilaviy poliklinikalarida aholiga 5 yo‘nalish bo‘yicha tor soha shifokorlari tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda.
Xo‘sh, ushbu tibbiy xizmatlardan aholi rozimi, nega sayyor qabullarda, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarda tibbiyot tizimi bilan bog‘liq savollar hamon ko‘p? Tibbiyotga ajratilayotgan mablag‘ o‘zini qoplayaptimi, ya’ni kasalliklar kamayayaptimi?
Bemorlar rozi, mushuklar ham…
Nurobod tuman tibbiyot birlashmasining Sazag‘on hududiy bo‘limi binosi bundan ikki yil avval rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalari bilan ta’minlangan. Bu yerda ambulatoriya, 10 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi, har biri 5 o‘ringa mo‘ljallangan terapiya va bolalar bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sazag‘on, Saroy va Tepaqul mahallalarining 10 ming nafardan ko‘proq aholisiga xizmat ko‘rsatadigan bu tibbiyot muassasasida 6 nafar shifokor, 28 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari ishlab kelmoqda.
Biz bo‘limga kirib borganimizda soat 16:30 bo‘lgan edi. Shifokor va hamshiralar navbatchiligi yo‘lga qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Shifoxonadagi sharoitlardan bemorlar mamnun. Hudud aholisi bilan suhbatlashganimizda umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralar xizmatidan rozi ekanliklarini aytishdi. Bu yaxshi. Ammo shifoxonada ayrim kamchiliklar ham bor ekan. Jumladan, bino tashqaridan qaraganda ijobiy taassurot qoldirsa-da, ichkarida ahvol haminqadar, ichimlik suvi muammosi mavjud. Bo‘lim hovlisidagi suv inshooti ishdan chiqqan. Suvni shifoxonaning kichik tibbiyot xodimlari buloqdan tashib keltirayotganiga guvoh bo‘ldik. Bo‘lim oshxonasi esa antisanitariya holatida. Oshxonada mushuk va uning bolalari bemalol sayr qilib yurgani buning isbotidir.
Sazag‘ondan chiqib Samarqand tumanidagi “Mehrobod” qishloq vrachlik punktiga yo‘l oldik. Bu payt quyosh botib, qorong‘u tusha boshlagan edi. Punktga kirib borganimizda soat millari 19:09 ni ko‘rsatib turgan edi. Bizni tez tibbiy yordam shoxobchasi xodimlari kutib oldi. Qishloq vrachlik punktida navbatchi shifokor va hamshirani topolmadik. Sog‘liqni saqlash tizimi vakillarining ushbu tibbiyot muassasalarida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish muddati kech soat 20.00 ga qadar uzaytirilgani haqidagi doimiy ma’lumotlari ushbu muassasaga aloqador emasmikan, degan savol tug‘iladi.
Moybuloqdagi tug‘ruqxona ish boshlarmikan?
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo‘rg‘on tumani, Moybuloq hududida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan tug‘ruq bo‘limi ishlamay qolganligi tufayli onalar uyda tug‘yapti, degan xabarlar tarqalgandi. Mazkur holat bo‘yicha «Kattaqo‘rg‘on haqiqati» gazetasida tahliliy maqola chop etildi va unda qayd etilishicha, aholisi tarqoq joylashgan, ayrim qishloqlari Qo‘shrabot, Ishtixon, Xatirchi tumanlariga tutash bo‘lgan ushbu hududda 1997 yildan boshlab, tug‘ruq bo‘limi moslashtirilgan binoda faoliyat ko‘rsatib kelgan, ammo olti oydan beri ishlamayotgan ekan. Jurnalistning yozishicha, tug‘ruqxona majmuasi talablariga javob bermaydigan, isitish, sovutish tizimi, kanalizatsiya tarmoqlari ishlamaydigan ushbu muassasa aslida sel va ko‘chkilar sodir bo‘lganda, tuman markaziga borish imkoni bo‘lmagan payti tug‘ruqni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan ekan. Ammo aholi bu yerda bitta zamonaviy tug‘ruqxona ishlab turishi tarafdori. Bu ham yechimini kutayotgan masalalardan biridir. Bir yilda Moybuloqning o‘zidan tuman markazida 400 nafardan ko‘proq onalarning bu sharafga ega bo‘lishi haqidagi raqam ham bu taklifni ma’qullab turibdi.
Yangi QVP nega nurayapti?
Jomboy tumanida mavjud imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmaganligi tufayli Naymantepa qishloq vrachlik punkti shart-sharoit yetarli bo‘lmagan xonalarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Tumandagi Nogahon qishloq vrachlik punkti 2018 yilning noyabr oyida foydalanishga toshirilgan bo‘lsa-da, hudud atrofida loyiha-qurilish ishlari oxiriga qadar yetkazilmagan. Qurilganiga bir yil to‘lmay, bino fasadi, xonalarning ichki qismi nuray boshlagan. Hududdagi Chalaqo‘rg‘on vrachlik punkti o‘z faoliyatini tugatgan. Ushbu muassasa o‘rnida bugun shifokor uyi tashkil etilgan. Ammo hududda ikki mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Geografik joylashuviga ko‘ra, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikadan uzoq. Shundan kelib chiqib, bu yerda markaziy poliklinika filiali yoki qishloq vrachlik punkti tashkil etilishiga ehtiyoj bor, deb yozadi «Jomboy tongi» gazetasi qishloq vrachlik punktlaridagi muammolar haqida.
Ijobiy raqamlar yetarlicha
Aytish kerakki, tibbiyotga ajratilayotgan katta-katta mablag‘lar, fidoyi shifokorlarning sa’y-harakatlari natijasida qator ijobiy o‘zgarishlar ham bor. Misol uchun, aholi orasida o‘tkir virusli gepatit kasalliklar 3967 tadan 2362 tagacha, o‘tkir ichak infeksiyasi kasalliklari bolalar orasida 3900 tadan 2361 taga kamaygan. 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida yuqumli kasalliklar tufayli o‘lim holati 2018-2019 yillarda sezilarli darajada kamaygan.
Og‘ir bemorlarga shoshilinch konsultativ yordam ko‘rsatish vaqti tezlashdi. Xususan, joriy yilning fevral oyida viloyat hokimligi tomonidan shoshilinch tibbiy yordamga mo‘ljallangan sanitar aviatsiya xizmati uchun to‘rtta "Neksiya" avtomashinasi hamda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan berilgan HUNDAY reanimobili bo‘limning ishini yanada osonlashtirib, bemorlargacha yetib borish vaqti tezlashdi.
Viloyat mahalliy byudjetidan ajratilgan 9,5 milliard so‘m hisobidan «Obod qishloq» dasturi asosida tumanlarda 17 ta ( Qo‘shrabot tumanida 4 ta, Urgut tumanida 3 ta, Paxtachi, Nurobod tumanlarida 2 tadan, Narpay, Ishtixon, Past Darg‘om, Samarqand, Toyloq va Oqdaryo tumanlarida bittadan) QVP va QOPlar ta’mirlanib, shu yilning oxiriga qadar barcha ob’yektlar bosqichma-bosqich foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, joriy yilda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 4 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.
Fikr, takliflar
Ammo sohani, xususan, birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash lozimligi ham hech kimga sir emas. Maqolani yozishdan avval bu haqda shifokorlar, mutaxassislar, aholi bilan suhbatlashdik. Holatni yaxshilashda nimalarga e’tibor qaratilishi kerakligi bo‘yicha fikrlarini bildik. Garchi zamonaviy binolar qurilib, moddiy-texnik baza yaxshilanayotgan, qishloq vrachlik punktlariga dori-darmonlar yetkazilishi yo‘lga qo‘yilib, tez tibbiy yordam brigadalari soni ilgarigidan 3 baravarga oshgan bo‘lsa-da, hanuz tizimdagi muammolar talaygina ekanligi bir tomondan kadrlar masalasi bilan bog‘liq, deyishdi ba’zi shifokorlar. Tabiiyki, chekka hududda vrach bo‘lib ishlashni ko‘pchilik yoshlar xohlashmadi. Shuning uchun qishloq vrachlik punktlarida ko‘proq pensiya yoshidagi shifokorlarning ishlashi kuzatilmoqda.
Ammo tizimga ishga kirishda ba’zi hududlarda korrupsiya holati borligini ham inobatga olish lozim. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik guruhlardan biri hamshira bo‘lib ishga kirishning bahosi qancha, deya so‘rov o‘tkazgani va bu savolga turli foydalanuvchilarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, narxni aytib javob berayotgani ham tashvishli holatdir!
Ba’zi shifokorlar tibbiyot ta’limidagi modul tizimidan noroziligini, shu bo‘yicha o‘qib, bitirgan talabalar orasida amaliyotda yaxshi natijaga erishmayotganlari borligini aytib o‘tishdi.
Oylik-maoshining kamligi uchun firmalarda ishlash istagini bildirayotgan yoshlar ko‘payayotgani ham tizimdagi kadrlar zaxirasiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda.
Va eng muhimi, bugun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bilan nafaqat shifokorlar, balki barcha, butun jamiyat shug‘ullanishi, bu asosiy kun tartibidagi masalaga aylanishi zarur. Qishloq hududlarida qo‘l yuvish, yuvinish uchun har bir xonadonda sharoit yaratilmas ekan, sog‘lom turmush tarzi deb o‘qilgan va’zlarning hammasi bekor. Ota-onalar qizining sepiga mebel qilmasa-da, farzandlarini kunlik ratsion ovqatlanish asosida iste’mol qilishini ta’minlamas ekan, turmushga chiqish, uylanish oldidan amalga oshirilgan tibbiy ko‘rikning ahamiyati ham katta emas. Birlamchi tibbiyot, ya’ni qishloq vrachlik punktlari xodimlari esa aynan shu masalada targ‘ibotchi bo‘lishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Gulruh MO‘MINOVA,
To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).