Xonadonlardagi olti mingdan ortiq muammo hal etilmagan
Bugun har bir tuman va shaharda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, sektor shtablari a’zolari uyma-uy yurib, xonadonlarda aniqlangan muammolarni hal etish choralarini ko‘rayotir.
Yaqinda viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuman va shahar sektorlarida uyma-uy yurish orqali o‘rganilgan mummolar muhokama etildi. Yig‘ilishda bildirilgan tahliliy ma’lumotlarga qaraganda, viloyat bo‘yicha o‘rganilgan xonadonlarda 24 mingdan ziyod muammo aniqlanib, ularning 6309 tasi (26 foizi) hal etilmagan.
Yechimi topilmagan muammolar bo‘yicha viloyatdan past ko‘rsatkich Paxtachi tumani (40 foiz), Samarqand shahri (38 foiz), Nurobod (32 foiz), Bulung‘ur (30 foiz), Jomboy (28 foiz), Past Darg‘om (27 foiz) tumanlarida qayd etildi.
Nisbatan yaxshi natija Oqdaryo va Payariq tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelib, aholi tomonidan bildirilgan kamchiliklarning 86 foiziga tumanlarning o‘zida javob hamda yechim topilgan.
Viloyat miqyosida olib qaralganda, fuqarolar bildirgan muammolarning aksariyati, jumladan, 6733 tasi suyultirilgan gaz ballonlariga ehtiyojmand, 3632 tasi bandlikni ta’minlash, 3122 tasi sog‘liqni saqlash, 2041 tasi uy-joyga muhtojlik masalalari bilan bog‘liq.
Sektorlar kesimida o‘rganilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, uyma-uy yurib aniqlangan muammolarning hal etilmaganligi ko‘rsatkichi ichki ishlar tizimi sektori shtablariga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni, 3-sektor shtabi vakillari viloyat bo‘yicha 1627 ta, hokimlar (1-sektor) shtabi 1582 ta, prokuratura tizimi (2-sektor) 1571 ta, soliq idoralari rahbarlari (4-sektor) shtabi esa 1529 ta muammoning yechimini topishi zarur.
Yuqorida ta’kidlangan kamchiliklarni inobatga olib, viloyat hokimligi sektor shtablari faoliyatidagi nuqsonlar, uyma-uy yurish jarayonida aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralarni qo‘llashga kirishdi. Aprelning ikkinchi yarmidan e’tiboran viloyat sektorlar shtabi a’zolari tarkibida ishchi guruhi tuzilib, ular tomonidan joylarda aniqlangan muammolarning haqqoniyligi va yechimlari o‘rganiladi.