Aholi muammosi tashkilotlarga xat yo‘llash bilan hal etilmaydi
Kattaqo‘rg‘on shahrida 35 ta mahalla bo‘lib, hokim, prokuror va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i sektorlariga shaharning o‘ntadan mahallasi, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga shahardan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan Ingichka qo‘rg‘onchasidagi beshta mahalla biriktirilgan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, hokimlik, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati organlari rahbarlari boshchiligida sektorlar faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi aholining muammolarini joyida hal etishni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar a’zolari uyma-uy yurib, mahallalardagi ahvolni yaqindan o‘rganishi samarasida aniqlangan muammolarni hal etish choralari izlanayotir. Mavjud kamchiliklar yuzasidan "tuman (shahar) - viloyat - respublika" tamoyili asosida takliflar tayyorlanmoqda. Natijada ko‘plab oilaviy, ijtimoiy-maishiy muammolar, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash kabi masalalar hal etilmoqda.
- Tumanimiz hokimi rahbarligidagi sektorga biriktirilgan mahallalarda 5509 xonadon mavjud bo‘lib, shu davrgacha 5202 ta xonadonda o‘rganish ishlari amalga oshirildi, - deydi 1-sektor mas’ul kotibi Sh.Yusupova. - Xonadonlarda 297 ta muammo aniqlanib, ularning barchasiga ijobiy yechim topildi. Ya’ni, uy-joyi ta’mirga muhtoj, o‘ta og‘ir sharoitda yashayotgan 21, uy-joyga ehtiyojmand 43 oilaning murojaati qanoatlantirildi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida 2017 yilda 1 ta, 2018 yilda 8 ta o‘ta muhtoj oilalar uy-joy bilan ta’minlanib, joriy yilda 4 ta ehtiyojmand oilaga uy berish rejalashtirilayotgan bir vaziyatda sektor mas’ulining 43 ta uyga muhtoj oilaning masalasi hal etilganligi haqidagi ma’lumoti bizda shubha uyg‘otdi.
Keyin savol-javoblarimizdan ma’lum bo‘lishicha, shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 1, 2 va 4-sektor shtablari mas’ul kotiblari o‘rganilgan muammolar bo‘yicha tegishli tashkilotlarni xabardor etgani, masalalarga doir ayrim so‘rovlarni korxonalarga tarqatganini muammoning hal etilishi deb tushunar ekan.
Vaholanki, shtabda uyma-uy yurish, o‘tkazilgan suhbatlar, kelib tushgan murojaatlar yoki ijtimoiy soha va boshqa ob’yektlardagi mavjud holatlar bo‘yicha aniqlangan muammolar, ularning hal etilgan yoki etilmaganiga doir tahlil, statistik hisobot mavjud emas. Aholining turmush tarzi va ijtimoiy muhofazasini yaxshilash bo‘yicha "yo‘l xaritalari" va ularning ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantirilmagan.
Uchala shtabning uyma-uy yurish jarayonida o‘tkazilgan o‘rganishlari natijasida aniqlangan muammolar va ularning hal etilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot jadvalida ko‘rsatilgan barcha bandlar 100 foizlik ko‘rsatkichni aks ettirib turibdi. Tuman hamda viloyat Xalq qabulxonalariga yo‘llanayotgan hisobot-jadvallarida aks ettirilgan - aholining uy-joyga, bandlikka, sog‘liqni saqlash, bank kreditiga, kadastr xizmatiga, moddiy yordamga muhtojligi kabi muammolar to‘liq joyida hal etilgani kishini ajablantirar darajada.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Agar sektorlar faoliyati tufayli xonadonlardagi muammolarga to‘liq ijobiy yechim topilayotgan ekan, viloyat hokimi, viloyat prokurori, ichki ishlar va soliq boshqarmalari rahbarlariga joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullar davomida har oyda fuqarolardan minglab murojaatlar kelib tushayotganining boisi nimada?
Shaharning soliq idorasi rahbari mas’ul 4-sektor ishchi guruhlari tomonidan o‘rganilgan muammolarga nazar tashlaymiz. Sektor shtabidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularga biriktirilgan 10 ta mahalladagi mavjud 5336 ta xonadonning 4124 tasi o‘rganilgan va 584 ta muammo borligi aniqlangan. Sektor hisobotida uy-joyga muhtoj 142 nafar fuqaro tomonidan bildirilgan masalaning barchasi hal etilgani, ajablanarli.
- Shu birgina xonada 6 jon - otam, onam, turmush o‘rtog‘im, ikki qizim bilan yashaymiz, - deydi 4-sektorga qarashli Zarifobod mahallasi umumiy foydalanuvdagi 194-uyda istiqomat qilayotgan O.Rahmonova. - Aslida 7 kishimiz. Yaqinda ukam uylanib, xotini bilan ijaraga chiqib ketishdi. Uch yildirki, uy-joy so‘rab shahar hokimligiga, sektor mutasaddilariga murojaat qilsak-da, natija bo‘lmayapti. Otam poyabzal tuzatadi, onam uyda o‘tiradi. Ikkisining ham pensiyaga chiqishiga hali fursat bor. Erim mavsumiy ishlarda ishlaydi, topgani ro‘zg‘ordan ortmaydi. O‘zim xastaman, ikki marta og‘ir operatsiyani boshdan kechirdim. Ba’zida 4, 9-sinflarda o‘qiydigan qizlarimning dars tayyorlashi uchun sharoit yo‘qligidan ezilaman. Yozning issiq kunlari bilinmas, ammo qish kunlari biz uchun juda og‘ir. Bir xonaga tiqilib yashashga majburmiz. Buning ustiga shu uy ham yildan-yilga to‘kilib boryapti. Kreditga bo‘lsa ham ikki-uch xonali uy berishsaydi, deyman. Otam, erim, o‘zimiz ishlab, kredit foizlarini to‘lardik.
Prezidentimizning 2019 yil 8 yanvardagi "Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida sektorlar shtabi faoliyatini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish maqsadida sektor rahbari boshchilik qiladigan idoradan sektor shtabi kotibi sifatida alohida xodim biriktirishi, bunda kotib asosiy ish joyidan ajralgan hamda lavozim maoshi saqlab qolingan holda faoliyat ko‘rsatishi belgilangan. Kuzatuvimiz davomida ma’lum bo‘ldiki, 1-sektor shtabi mas’ul kotibi Sh.Yusupova Kattaqo‘rg‘on shahar xotin-qizlar qo‘mitasida bosh mutaxassis, 4-sektor shtabi mas’ul kotibi B.Sultonov shahar davlat soliq inspeksiyasi kotibiyati xodimi sifatida ham faoliyat yuritayotganini ta’kidlashdi.
Sektorlar faoliyati uchun yaratilgan shart-sharoitlarda ham tafovut mavjud. Shaharning Navbahor mahallasida joylashgan 1-sektor shtabi uchun 4 ta xona (sektor rahbari, a’zolari xonasi, tibbiyot va ona-bola, dam olish xonalari) ajratilgan. Planshet, noutbuk, nusxa ko‘chirish apparatlari va boshqa ko‘rgazmali vositalar, mebellar mavjud bo‘lsa-da, kompyuterlar internetga ulanmagan. Yettita kompyuter, noutbuk, printer, planshetga ega 4-sektor shtabi mas’ul kotibi internet tarmog‘i uchun to‘lovlarni o‘z hisobidan to‘layapti. Shahar iqtisodiyot hamda pedagogika kollejlari binosida joylashgan prokuror va davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i sektori shtablariga tibbiyot, ona va bola xonalari ajratilmagan.
Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘rganish natijalari bo‘yicha sektorlarda "tuman (shahar) - viloyat - respublika" tamoyili asosida yechiladigan muammolarni hal etishga doir chora-tadbirlarni, "yo‘l xaritalari"ni ishlab chiqish, aniqlangan muammolarni tahlil qilish, monitoringini yuritish, sektor a’zolarini moddiy rag‘batlantirish, sayyor qabullar tashkil etish kabi masalalar bo‘yicha ham kamchiliklar talaygina.
Kattaqo‘rg‘on shahri sektorlari faoliyati misolida keltirilgan bunday nuqsonlarni viloyatimizning har bir tumani yoki shahrida kuzatish mumkin.
Nafsilamrini aytganda, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, turmush darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar qilish maqsadida tashkil etilgan sektorlar faoliyatiga jiddiy e’tibor qaratish zarur.
Abdug‘ofur ShERXOLOV,
"Zarafshon" muxbiri.