Hujjatlar harakatdami yo fuqarolarmi?
Bu savolga quyidagi maqolani o‘qib, javob olasiz.
Fuqarolik pasportimning amal qilish muddati tugayotgani sabab, Samarqand shahar davlat xizmatlari markaziga borib, almashtirish uchun navbatda turdim. Navbatim yetganda, u yerda ishlayotgan xodim mening pasport raqamimni bazadan topa olmadi. So‘ng viloyat IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga borib, masalaga aniqlik kiritishim mumkinligini aytdi.
Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidagilar meni Samarqand tuman IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limiga jo‘natishdi. Sababi, biz yashaydigan hudud tumanning O‘zbekkent mahallasiga qaraydi, aslida mahallaga yaqin qurilgan, imtiyozli kredit evaziga olingan kottejda yashaymiz.
Xullas, ovoragarchiligimning ikkinchi kuni tuman migratsiya bo‘limiga bordim. U yerdagi mutaxassis ancha vaqt izlab, 2016 yilda uyim uchun berilgan kadastr hujjati raqami 2018 yilda o‘zgarib ketganligini, kadastr raqami bo‘lmasa pasportni bazaga kiritib bo‘lmasligini aytdi. Albatta, navbatdagi manzilga, kadastr idorasiga borishim va yangi raqamimni aniqlab kelishim zarur ekan.
Men avval viloyat kadastr idorasiga bordim. U yerdagilar osongina tuman bo‘limi manzilini tushuntirishdi. "G‘ayrat Husanov degan bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosariga uchrashsangiz, masalangizni hal qilib beradi", deyishdi.
Haqiqiy bosh og‘rig‘i tuman bo‘limida boshlandi. Eng muhimi, kadastr raqami nima sababdan o‘zgargan, kim o‘zgartirgan, o‘zgargan bo‘lsa, yangi raqam qayerda, degan savollarga javob yo‘q. "Uyning avvalgi kadastr hujjati nusxasini olib keling", deyishdi. "Uni o‘zgartirgan bo‘lsangiz, nimaga kerak?", desam, indamay yelka qisishadi. Keyin "Tuman hokimining qarori kerak", deb qolishdi. Qarorni topib kelsam, keyin ular viloyat boshqarmasiga yangi raqam olish uchun so‘rov jo‘natishar ekan. Hali viloyat boshqarmasiga ham qaytib borsam kerak. Ayni paytda o‘sha qarorni izlayapman. Uyimiz kreditga olingani sababli, kadastr hujjati "Ipotekabank"da saqlanadi, nasib qilsa, ertaga ertalab bankka borib, nusxa olishga urinib ko‘raman. Ertangi sarguzashtlarimni keyin bayon qilaman.
Meni taajjublantirgani, oz bo‘lsa ham oq-qorani taniyman. Ovoragarchiliklarga chidashga harakat qilyapman. Ammo chekka qishloqda yashovchi nochor yoki boquvchisi yo‘q, yakka-yolg‘izlar shu ko‘yga tushsa, dod deb yuborsa kerak. "Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi", degan balandparvoz iborani aytishga hali ertami deyman?..
Nodir Jo‘ramurodov.