Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarning "qaqshatqich paketini" tayyorlamoqda

🔹 Qo‘shma Shtatlar yaqin kunlarda Rossiyaga qarshi yuzlab yangi cheklovlarni o‘z ichiga oluvchi sanksiyalar paketini joriy qiladi. Yangi sanksiyalar Rossiyaning mavjud taqiqlarni chetlab o‘tish imkoniyatlarini cheklash, shuningdek, mamlakatning harbiy salohiyatini kamaytirishga qaratilgan.

🔹 Daniya 230 million yevro miqdoridagi yangi yordam paketi bilan birga “Ukrainaga 10 yillik qo‘llab-quvvatlash”ni va’da qilgan shartnoma imzoladi.

🔹 Putin yana Rossiyaning yadro qurollari haqida gapirdi. Rossiya o‘zining strategik yadroviy kuchlarini yangilashda davom etmoqda va ularni 95 foizga yangi qurol va jihozlar bilan ta’minladi, dedi Putin. O‘tgan yil oxirida u Milliy mudofaani boshqarish markazidagi chiqishida Rossiya yadroviy kuchlari 95 foizga modernizatsiya qilinganini aytgan edi.

🔹 Aleksey Navalniyning onasi Lyudmila Navalnaya o‘z videomurojaatida tergovchilar unga o‘g‘lining jasadini ko‘rsatgani, biroq uni topshirishdan bosh tortib, yashirin dafn qilishni talab qilganini aytdi.

🔹 Zelenskiy yangi qarshi hujumga tayyorlanmoqda va Rossiyaga "syurpriz" va’da qilmoqda. Ukraina prezidenti Fox News telekanaliga bergan intervyusida Rossiya bilan Minskdagi kabi kelishuvlarga kirishni istamasligini aytdi. Vladimir Zelenskiy, shuningdek, Ukrainaning maqsadi Qora dengizdagi muvaffaqiyatni rivojlantirish bo‘lishini, Rossiyani "syurprizlar kutayotganini" ta’kidladi.

🔹 BMT Xalqaro Sudi Falastin hududlarini bosib olishning huquqiy oqibatlariga doir tinglovlarni davom ettirmoqda. Xitoy va Eron Isroilning harakatlarini noqonuniy deb topishni talab qilgan.

🔹 Shri-Lanka yetkazib bergan nefti uchun Eronga to‘lovning noodatiy usulini topdi. Mamlakat Tehronga bo‘lgan 251 million dollarlik qarzni to‘lash uchun barter shartnomasi asosida 20 million dollarlik choy eksport qilgan. Bunday ayirboshlash Eron uchun foydali, chunki Tehronga qarshi ko‘plab sanksiyalar tufayli mamlakatga kirishi qiyin bo‘lgan choy importiga chet el valyutasini sarflamaydi.

🔹 AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp uchinchi jahon urushining oldini olishga va’da berdi, bu urushga dunyo hozir juda yaqin. "Men uchinchi jahon urushining oldini olaman. Biz uchinchi jahon urushiga juda yaqinmiz va bu urush misli ko‘rilmagan bo‘ladi", dedi u.

🔹 Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan G20 vazirlar yig‘ilishida BMT tizimini isloh qilish zarurligini bildirgan.

🔹 Yaman husiylar guruhi Qizil dengizda AQSh bilan uzoq muddatli harbiy to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu harakatlar Isroilning HAMASga qarshi urushi qanday davom etishiga bog‘liq bo‘lmaydi. Yaman bilan chegaradosh Saudiya Arabistoni, ayniqsa, Qizil dengiz ostidan o‘tgan internet kabellaridan xavotirda. Qirollik husiylar ularga qarshi muvaffaqiyatli hujum uyushtirishi mumkinligini tan oladi.

🔹 Kolorado shtatining Leykvud shtatida yashovchi erkak o‘zi uy hayvoni sifatida noqonuniy saqlagan bahaybat Arizona kaltakesagi chaqishi oqibatida vafot etgan. Uning uyidan yana ikkita zahartish va 26 ta o‘rgimchak topilgan. Ular musodara qilingan.