Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Rossiyaning yetti viloyatida dronlar hujumi. AQSh Netanyaxu Isroil bosh vaziri lavozimidan mahrum bo‘lishi mumkinligini aytmoqda
🔹 Seshanbaga o‘tar kechasi Rossiyaning yetti viloyati rasmiylari dron hujumlari haqida xabar berishdi. Orel va Nijniy Novgorod viloyatlarida dronlar zarbasi natijasida u yerdagi neft bazalarida yong‘inlar boshlangan.
🔹 Hizbulloh rahbari HAMAS delegatsiyasini qabul qildi. Livan OAVlariga ko‘ra, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha muzokaralarning borishi, shuningdek, G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildagi vaziyat muhokama qilingan. HAMAS G‘azo sektorida “Hizbulloh modeli” yaratish niyatida.
🔹 Ba’zi demokratlarning Baydenni prezidentlikdan chetlatish va yoshlarga yo‘l ochishga urinishlari qaysar bobodan mashina kalitini tortib olishga urinishdek umidsiz, deydi Wall Street Journal sharhlovchisi Uilyam Makgurn.
🔹 Bayden 2025 yilda yadroviy qurollarni modernizatsiya qilish uchun AQSh Kongressidan qariyb 20 milliard dollar so‘ragan.
🔹 Xitoy shimolidagi ko‘mir konida avariya yuz berishi oqibatida besh kishi halok bo‘lgan, ikki kishi bedarak yo‘qolgan.
🔹 NATOning Bryusseldagi qarorgohida Shvetsiya bayrog‘ini ko‘tarish marosimi o‘tdi. Finlyandiya va Shvetsiyaning alyansga qo‘shilishi bilan NATOga hozirda o‘ttiz ikki davlat a’zo. Biroq, Shvetsiya hozircha mamlakatda NATOning doimiy bazalari bo‘lishini rad etgan.
🔹 Janubiy Koreya hukumati ish tashlagan shifokorlarni ishga qaytishga chaqirdi. Namoyish ishtirokchilari litsenziyani bekor qilish va sud jarayoni bilan tahdid qilishmoqda. Ular ijroiya hukumatining tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga qabul kvotani ikki ming o‘ringa oshirish rejasiga qarshi. Qo‘shimcha o‘rindiqlar soni 350 dan oshmasligi kerak.
🔹 Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning pozitsiyasi tobora qaltis bo‘lib bormoqda va u o‘z lavozimini yo‘qotishi mumkin. Bu haqda AQSh Milliy razvedka boshqarmasi direktorining global tahdidlar va dunyodagi geosiyosiy vaziyatni baholashga bag‘ishlangan yillik hisobotida keltirilgan.
🔹 Gaitida hukumatni amalda qo‘lga olgan qurolli guruhlar Bosh vazir Ariyel Genrining iste’fosini talab qilmoqda. 29 fevraldan buyon mamlakatda qurolli zo‘ravonliklar hukm surmoqda. Jinoiy guruhlar Gaiti poytaxti ko‘chalarini vayron qilmoqda. Ular bir nechta politsiya bo‘limlarini yoqib yuborgan va ikkita qamoqxonani egallab, 4000 dan ortiq mahbusni ozod qilgan.
🔹 G‘azo aholisi uchun birinchi yordam kemasi Kiprning Larnaka portidan jo‘nab ketdi va shu bilan dengiz gumanitar koridorini ochdi. Avvalroq Isroil dengiz yo‘lagi yaratilishiga qarshi emasligini aytgan, ammo xavfsizlik tekshiruvini talab qilgan edi.
🔹 Rossiyalik tadbirkor, "Kapital Group" kompaniyasi egasi Qirg‘izistonda qidiruvga berilgan. Mahalliy Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, u mahalliy uyushgan jinoiy guruhga moliyaviy yordam ko‘rsatgan.