Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Tramp: “Yevropa o‘z ulushini to‘lay boshlasa, AQSh NATO tarkibida qoladi”. Olimpiada ochilish marosimida ruslar va belaruslar qatnashmaydi

🔹 AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Yevropa NATO byudjetiga o‘zining “adolatli ulushini” to‘lashi kerakligini aytdi. Yevropa davlatlari “adolatli o‘yin” boshlasa, Qo‘shma Shtatlar NATO tarkibida qoladi dedi u.

🔹 Rossiyaning Belgorod shahridan 9 ming bola evakuatsiya qilingan. Otishma natijasida kamida uch kishi jarohatlangan. Rossiya Mudofaa vazirligi Belgorod viloyati uzra to‘qqizta reaktiv snaryad yo‘q qilingani aytmoqda.

🔹 AQSh Oliy sudi o‘z qarorida Texas rasmiylariga shtat politsiyasiga Meksikadan noqonuniy muhojirlarni hibsga olish va deportatsiya qilish imkonini beruvchi qonunni qo‘llashga vaqtincha ruxsat berdi.

🔹 Rossiya Federatsiyasi tez orada harbiy salohiyatini tiklab, 2026 yildayoq NATO davlatlariga hujum qilishi mumkin. Bu haqda Polsha prezidenti Anjey Duda aytdi. “Rossiya tez orada shunday harbiy salohiyatga ega bo‘lishi mumkinki, u 2026-27-yillardayoq NATOga hujum qila oladi”, dedi u.

🔹 Vladimir Putinning prezidentlik saylovlaridan keyingi ilk xorijiy tashrifi may oyida Xitoyga bo‘lishi mumkin.

🔹 Rossiya va Belarus fuqaroligiga ega bo‘lgan sportchilarning Parijdagi Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etishi ta’qiqlanadi. Olimpiya o‘yinlari 2024 yilning iyul-avgust oylarida bo‘lib o‘tadi. U yerda Rossiya va Belarus jamoaviy sport turlari bo‘yicha bahslashmasa-da, yakka tartibdagi musobaqalarda "neytral" maqomda qatnashadi.

🔹 Tolibon Afg‘oniston bilan chegaradosh Paktika viloyatida Pokiston xavfsizlik kuchlari bilan to‘qnashuvlar sodir bo‘lganini, shuningdek, Pokiston kuchlari bir kun avval Afg‘oniston g‘arbida havo hujumi uyushtirib, kamida sakkiz nafar tinch aholini o‘ldirganini ma’lum qildi.

🔹 Afg‘oniston janubida yana 6 magnitudali zilzila qayd etildi.

🔹 Donald Tramp moliyaviy firibgarlik ishining bir qismi sifatida sudda to‘lashi kerak bo‘lgan yarim milliard dollarni topa olmadi. Endi Amerikaning sobiq prezidenti mol-mulki musodara qilinishi mumkin.

🔹 Slovakiya shimolidagi shaharlardan birida, Tatra tog‘lari yaqinida ayiqlarning odamlarga hujumi sababli favqulodda holat e’lon qilingan. Ayiq kamida 10 nafarga yaqin katta-kichik yoshli odamlarni jarohatlagan.

🔹 Qozog‘istonning sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abish yanvar voqealari bo‘yicha 8 yil shartli qamoq jazosi oldi. Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisining sobiq o‘rinbosari Samat Abish general unvoni va davlat mukofotlaridan mahrum qilingan, biroq uning mulki musodara qilinmagan. 2022 yilgi yanvar voqealari chog‘ida davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha Bosh prokuraturaning maxsus prokurorlari tomonidan tergov harakatlari olib borilgan.

🔹 Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasida katta yer osti tunneli topildi. Tunnelga kirish joyi Qirg‘izistonning Suzoq viloyati Bey-Obod qishlog‘ida yashovchi fuqaroning uyida aniqlangan. Tunnel 15 metr chuqurlikda, 130 metr uzunlikda va 1,7 metr balandlikda qazilgan. Uning Qirg‘iziston davlat chegarasigacha bo‘lgan uzunligi 50 metrni tashkil qiladi. 38 yoshli uy egasi kontrabanda kanalini tashkil qilishda gumonlanib qo‘lga olingan.

🔹 Yaponiya qirg‘oqlari, Yamaguchi prefekturasi yaqinida Koreya kimyoviy tankeri ag‘darilib ketdi – 11 nafar xorijiy fuqarosi bo‘lgan ekipaj a’zosi bedarak yo‘qolgan.