Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Ukraina Qrim ko‘prigiga uchinchi hujumni rejalashtirmoqda. Istanbulda otishma va halokatli yong‘in. Dunyodagi eng keksa erkak vafot etdi

🔹 Mehnat muhojirlarining chiqib ketishi bilan Rossiyaning birinchi mintaqasi chiqindiga bota boshladi. Dog‘iston poytaxti Maxachqal’ada qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish va chiqindi konteynerlarini tozalash to‘xtagan. Mamlakatda bunday vaziyatlar tobora oshmoqda.

🔹 Ukraina razvedkasi Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga uchuvchisiz uchoqlar zarbalari ortidan yana bir maqsadni ko‘zlagan: Kerch ko‘prigi. Bu haqda The Guardian yozmoqda. Ukraina harbiy razvedkasi yuqori martabali mulozimlari ko‘prikning vayron bo‘lishi “muqarrar” ekanini da’vo qilib, uni portlatish bo‘yicha avvalgi ikki urinishdan so‘ng uchinchi marta hujum qilishni rejalashtirayotganini aytmoqda.

🔹 Jahon banki va BMT hisobotiga ko‘ra, G‘azo aholisining yarmidan ko‘pi ocharchilik yoqasida, 1 milliondan ortig‘i boshpanasiz, 75 foizi esa mamlakatdan majburiy chiqib ketgan.

🔹 New York Times va Washington Post gazetasining yozishicha, Qo‘shma Shtatlar 6 martdayoq Rossiyani ushbu konsert zali terakt nishoni bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Kreml va AQSh Milliy xavfsizlik kengashi vakili bu ma’lumotni gazetaga izohlashdan bosh tortgan.

🔹 Bugun Tayvanda ro‘y bergan zilzila kuchi 1945 yilda Xirosimaga tashlangan 32 ta yadroviy bombaning kuchiga teng, deya baholaydi Markaziy meteorologiya boshqarmasi seysmologiya markazi. Halok bo‘lganlar soni 9 kishi yetdi, 700 dan ortiq jarohatlangan.

🔹 Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Vatan himoyachilari kuni (7 may) va G‘alaba kuniga (9 may) bag‘ishlangan harbiy parad o‘tkazmaydi. Buning sababi byudjetni tejash, shuningdek, "boshqa muammolarni hal qilish zarurati", deyilmoqda.

🔹 Dunyodagi eng keksa odam vafot etdi. Venesuelalik Xuan Visente Peres Mora 114 yoshda edi. U oilasida 10 nafar farzandning to‘qqizinchisi bo‘lib, o‘zining 11 farzandi bo‘lgan. U butun umri davomida dehqonchilik bilan shug‘ullangan.

🔹 Turkiyaning Istanbulidagi Beshiktash rayonida rekonstruksiya qilinayotgan ko‘p qavatli tungi klub binosida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida 25 kishi halok bo‘ldi, yana uch kishining ahvoli og‘ir. Shuningdek, Istanbulda jinoyatchilar mahalliy Kyuchyukchekmedje mehmonxonasida o‘t ochgan va qochib ketgan, o‘q avtobusga ham tekkan. Qurbonlar yo‘q.

🔹 Qo‘shma Shtatlardagi noqonuniy muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat "qonli"ga aylanmoqda, bunga hozirgi davlat rahbari Jo Bayden aybdor, deydi Donald Tramp. Siyosatchiga ko‘ra, Baydenning kelishuvi tufayli AQShning barcha shtat va shaharlari chegara hududlariga aylangan, chunki noqonuniy muhojirlar bilan bog‘liq vaziyat butun mamlakatga ta’sir qilgan.

🔹 Turkiya rasmiylari mamlakatda inflyasiya oshganini tan oldi: Davlat statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida iste’mol narxlari 3,16 foizga oshgan, yillik inflyasiya esa 68,5 foizga yetgan.

G.Xoldorova tayyorladi.