Xorij voqealari qisqa xabarlarda: Zelenskiyga Rossiyaning ichki hududlariga zarba berishga ruxsat berilmadi

🔹 Vashington Zelenskiyning chaqiriqlari va noroziligiga qaramay, Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan Rossiya hududiga chuqur zarba berish bo‘yicha cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish niyatida emas. “Biz o‘z pozitsiyamizni aniq aytdik. Bizda transchegaraviy zarbalar bo‘yicha oqilona siyosat mavjud. Biz Rossiya ichida chuqur zarba berish taktikasini qo‘llashga yo‘l qo‘ymaymiz”, — dedi Amerika yetakchisining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan.

🔹 Isroil G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotini barcha maqsadlariga erishmaguncha to‘xtatmaydi. Bu haqda Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu ma’lum qildi. "Vaqt talab qilsa ham, g‘alabaga qadar kurashamiz", dedi u. Isroil hukumati rahbari Falastinning HAMAS harakatiga bosim o‘tkazishgina garovga olinganlarni ozod qilishga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.

🔹 AQSh prezidenti Jo Bayden Vashingtondagi NATO sammiti chog‘ida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Vladimir Putin deb tanishtirdi va bir necha soat o‘tgach, matbuot anjumanida AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarrisni Donald Tramp deb atadi, deb yozadi Bloomberg. “Endi men so‘zni qat’iyat va jasoratga ega Ukraina prezidentiga bermoqchiman. Xonimlar va janoblar, prezident Putin”, degan Bayden sammitda Zelenskiyni tanishtirar ekan.

🔹 Rossiya muxolifat yetakchisining bevasi Yuliya Navalnayani "terrorchilar va ekstremistlar" ro‘yxatiga kiritdi.

🔹 Vengriya bosh vaziri Viktor Orban AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp bilan Floridadagi Mar-a-Lago shaxsiy qarorgohida uchrashib, u yerda Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha tinchlik missiyasini muhokama qildi. Ma’lumki, Vengriya bosh vaziri iyul boshida Kiyevda, Moskvada va Pekinga tashrif buyurgan. Oq uy Orbanning tinchlikparvarlik harakatlarini "sarguzasht" deb atagan.

🔹 Kanada, AQSh va Finlyandiya Vashingtondagi NATO sammitida “Muzli pakt”ni tuzganliklarini e’lon qilishdi. Uch mamlakat Rossiya va Xitoyning mintaqadagi ta’siriga qarshi turish uchun yaqin yillarda 90 tagacha muzyorar kema qurishga qaror qilgan.

🔹 Yaponiya Mudofaa vazirligi Shimoliy Koreya va Rossiya hujumkor biologik qurollarni ishlab chiqish va saqlashi mumkinligi haqidagi ayblovlarini e’lon qildi.  

🔹 Livanda surunkali energiya inqirozi kuchayib, yaqin kelajakda mamlakat butunlay zulmatga botishi mumkin, hatto Bayrut aeroportida ham elektr ta’minoti uzilishi mumkin. Sababi, Livanda qonun chiqaruvchi organ anchadan beri butunlay parokanda. Livan banki Vakillar palatasi tegishli qonun qabul qilmasdan turib, Iroqdan yoqilg‘i yetkazib berish uchun to‘lovni amalga oshirish uchun mablag‘ o‘tkazishdan bosh tortmoqda.