Xorijda amaliyot: Talabalar nima bilan mashg‘ul bo‘ldi?

Bugun talabalarga chet elda amaliyot o‘tash imkoniyati yaratilyapti. Avvallari talabalarda bunday imkoniyat deyarli yo‘q edi. Masalan, Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida bir necha yildan beri talabalar Germaniya, Polsha kabi davlatlarda amaliyot o‘tab kelmoqda.

O‘tgan yili ushbu davlatlarda institutning 200 nafarga yaqin talabasi amaliyot o‘tagan bo‘lsa, ushbu yozgi ta’tilda ham 100 dan ortiq talaba amaliyotga yuborildi.

Yaqinda institutning bir guruh talabalari xorijda uch oylik haq to‘lanadigan amaliyotda bo‘ldi. Ular bilan bo‘lgan suhbatimiz chet el taassurotlari, amaliyotda o‘rganganlari va O‘zbekiston sharoitida xorijdan nimalarni olish mumkinligi haqida bo‘ldi.

Dastlab institutning iqtisodiyot va boshqaruv fakultetining turizm (agroturizm) yo‘nalishi 4-bosqich talabalariga quloq tutdik.

Ravshan Sultonov:

- Germaniyada uch oy amaliyotda bo‘ldim. Asosan qishloq xo‘jaligi ekinlari ekish, parvarishlash bilan tanishdik. Germaniya qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnikalardan keng foydalanyapti. Biz kartoshkani kovlab oladigan yoki dalani begona o‘tlardan tozalaydigan texnikalar bilan tanishdik, ularni boshqarishni o‘rgandik. Germaniyada ravoch o‘simligi katta dalalarda ekilar ekan va undan murabbo, sharbat tayyorlashyapti. Kelajakda ravoch o‘simligini O‘zbekiston sharoitida ekib, turli mahsulotlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Dam olish kunlari biz istiqomat qilgan Rostok shahrining tarixiy obidalariga sayohat qildik, diqqatga sazovor joylarida bo‘ldik. 

Shahzod Bozorboyev:

- Yurtimiz qishloq xo‘jaligida katta muammolardan biri – mahsulot yoqilg‘i bo‘lib, Germaniyada bunga yechim topilgan. Ularda qishloq xo‘jaligiga oid texnologiyalar quyosh energiyasi bilan ishlaydi. Bu bir tomondan, yoqilg‘i sarfiga ketadigan pulni tejasa, ikkinchi tomondan ekologiya ifloslanishining oldini oladi. E’tiborimizni tortgan yana bir jihat, ularda yerlar sug‘orilmaydi, yomg‘ir ko‘p yoqqani uchun sug‘orishga ehtiyoj bo‘lmaydi.

Olmonlar qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini quyosh energiyasi hisobiga ishlatishadi. Kelajakda mana shunday texnologiyalarni yaratish ustida ishlamoqchiman.

Sobirjon Abdurahmonov:

- Germaniya qishloq xo‘jaligi rivojlangan mamlakat. Amaliyotimizning birinchi kuni lavlagi maydonida bo‘ldik. Lol qoldirgani, ekin ustiga mato yopilgan. Ertalab Germaniyada shudring tushadi. Shu sabab lavlagi ustidagi mato namlanadi va kun bo‘yi namlikni ushlab turadi. Ba’zida haftalab yomg‘ir yog‘may qolishi ham mumkin. Bunday sharoitda lavlagi so‘lib qoladi. Ular yomg‘ir yog‘maydigan kunlarda mana shu usuldan foydalanar ekan.

Suhrob Boymurodov:

- Bu davlatda ikkinchi marta amaliyotda bo‘lishim. O‘tgan yilgi amaliyotda lavlagi yetishtirish, terish, qadoqlash ishlarini bajargan edik. Bu yil ravoch, qizil lavlagi, sabzi yetishtirish, terish ishlarida qatnashdik. E’tiborimizni tortgan jihati, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari bo‘ldi. Masalan, traktorlarining ichida to‘rtta ekran bo‘lib, sensor orqali boshqariladi. Traktor avtomat rejimiga qo‘yilsa, u daladagi hamma ishlarni o‘zi bajarib ketaveradi, haydovchilar qiynalmasdan ishlaydi. Qatorlar belgilangan o‘lchamda bo‘lib, qishloq xo‘jaligi texnikalari avtomat rejimida ham bemalol ishlab ketaveradi.

Talaba yigitlarning taassurotlarini eshitib, Germaniya qishloq xo‘jaligi haqida biroz tasavvurga ega bo‘ldik. Institutning agrobiologiya fakulteti o‘simliklar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari karantini yo‘nalishi 3-bosqich talaba-qizlari ham amaliyotdan qaytishganini aytishdi. Ularni ham suhbatga tortdik.

Shahzoda Aliqulova:

- Joriy yilning 15 martidan iyungacha Germaniyaning Bonn shahrida amaliyotda bo‘ldik. Mevani qayta ishlash va qadoqlash kompaniyasida ishladik. Kompaniya bizni turarjoy va oziq-ovqat bilan ta’minladi. Biz yaxshi mevalarni maxsus idishlarga solib qadoqladik. Kasallik tekkanlarini alohida ajratdik.

Umida Sunnatova:

- Men ham shu kompaniyada amaliyotda bo‘ldim. Eskportga yuboriladigan mevalarni tarozida o‘lchab, idishlarga solib, qadoqlab berdik. U yerda zamonaviy tarozilar bo‘lib, ular chiplar bilan ishlaydi. Chipga sizning ism-familiyangiz kiritiladi. Agar tarozida belgilangan miqdordan kam yoki ko‘p meva solinsa, lenta o‘sha mahsulot solingan idishni chetga chiqarib tashlaydi. Keyin o‘sha meva solingan idish sizga qaytadan keladi, uning hajmini to‘g‘rilab, yana lentaga qo‘yib yuborasiz.

Talabalar xorij amaliyotidan katta g‘oyalar, yaxshi taassurotlar bilan qaytganini bildirishdi. Bunday amaliyotlar bir tomondan, talabalarda o‘z kasbiga qiziqishni orttirsa, ikkinchi tomondan, ularda yangilik qilishga bo‘lgan ishtiyoqni uyg‘otadi.

Husniddin Pardayev, institutning xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i:

- Joriy yilda institutning 132 nafar talabasi Germaniyaning qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash kompaniyalariga haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotiga yuborildi. 24 nafar talaba “Agrisool” loyihasi doirasida Polshaga haq to‘lanadigan ishlab chiqarish amaliyotiga jo‘natildi. Joriy yilning avgust-oktyabr oylarida 66 nafar talabamizni Germaniyaga amaliyotga yuborishni rejalashtirganmiz. Maqsadimiz – xorijiy hamkorlar bilan birgalikda jahon standartlariga mos mutaxassislar tayyorlash.

Xurshida ERNAZAROVA yozib oldi.