Xorijdagi oilalar kimga murojaat etadi?

Foto:Gazeta.uz

Xorijga oilangiz bilan ketishga qaror qildingiz. Begona yurt, begona qonunchilik, begona ish, hamkasblar begona, boshqa tilda so‘zlovchi odamlar. Ehtimol, siz bu yurt bilan bog‘liq barcha ma’lumotlarni bilib yo‘lga otlangandirsiz (qaniydi shunday bo‘lsa). Yoki (ayniqsa, ayollar) yoningizdagi turmush o‘rtog‘ingizga ishonib yo‘lga chiqdingizmi?

To‘g‘ri, u bilan bir necha yil birga yashaysiz, orangizda kelishmovchiliklar bo‘lgan va ularni o‘z yurtingizda qarindosh-urug‘ ishtirokida hal etib olgandirsiz. Lekin chetda, yaqinlaringizdan uzoqda, begona yurtda aynan turmush o‘rtog‘ingizdan himoyalanishingiz lozim bo‘lib qolsa-chi? Unda nima qilasiz?

Samarqandlik Maryam ismli ayol shunday holga tushdi. Xorijga borgach, ketma-ket farzandli bo‘ldi, turmush o‘rtog‘i esa bolalarga beriladigan nafaqa hisobiga yashay boshladi. Ishlashni istamas, kun o‘tsa bo‘ldi, ichkilikka ruju qo‘yib, ayoliga qo‘l ko‘tara boshladi, aroqqa pul topilmasa, uyda halovat yo‘qoladigan bo‘ldi. Ayol juda uzoq sabr qildi, nima qilsin, boshqa yo‘l borligini bilmasdi. Yaxshiyamki, hamyurtlari unga yordam berishi mumkin bo‘lgan tashkilot borligini aytishdi. Qo‘ng‘iroq qildi, darhol yetib borishdi, ayolni va farzandlarini ona Vataniga jo‘natib yuborishdi.

Umuman, bugun xorijda ishlash uchun ketib, o‘sha yerda istiqomat qilayotgan oilalar turli darajadagi muammolarga duch kelib qolganda kimga murojaat etishadi? Bu murojaatlarning ijrosi qanday?

- Qaysi hududda ishlab, yashashidan qat’i nazar, o‘zbekistonlik xotin-qizlar, ularning farzandlari bizning e’tiborimizda, - deydi viloyat hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zebiniso Rahmonova. – To‘g‘ri, bu masalada tizimli, keng ko‘lamli ishlar ketyapti, deb aytolmayman, ammo imkonimiz darajasida ular bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda muammolarini o‘rganish bo‘yicha ish olib boryapmiz. Misol uchun, shu yil davomida O‘zbekistonning Isroildagi favqulodda va muxtor elchisi va boshqa qator hamkor tashkilotlar vakillari ishtirokida Isroilda mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan onlayn muloqotga kirishdik. Muloqot chog‘ida ayollarning O‘zbekistonda qolgan farzandlarini to‘garakka jalb etish, pensiya, nafaqa kabi masalalar bo‘yicha savollariga atroflicha javob berildi. Shuningdek, Rossiya davlatida mehnat qilayotgan oila vakillari bilan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari va bir qator boshqarmalar rahbarlari ishtirokida onlayn muloqot ham o‘tkazilgan edi. Bu uchrashuvda ham murojaatchilarning muammo va so‘rovlari tegishli tashkilotlar yordamida hal etildi, ularga zarur huquqiy tushuncha berildi. Aytish kerakki, xorijdagi oilalarning muammolari ham turlicha, bir davlatda mavjudlari ikkinchisiga to‘g‘ri kelmaydi.

Keyingi yillarda chet davlatga ishlash uchun borishda aholining savodxonligi, o‘z haq-huquqlarini bilgan holda ishga ketishga urinishi quvonarli holdir. Ammo begona yurtda turli vaziyat va muammolarga duch kelib qolishdan hech kim himoyalanmagan. Bu masalada ularga yordam beruvchi, doimiy ravishda yangiliklardan boxabar etuvchi tashkilotlar, axborot vositalari mavjud.

Shunday yirik nodavlat tashkilotlardan biri «Istiqbolli avlod» ijtimoiy axborot markazi viloyat bo‘limidir. Besh yildan beri faoliyat olib borayotgan mazkur tashkilot inson huquqlari himoyasiga bel bog‘lagan bo‘lib, juda katta maqsadni ko‘zlagan. Shiori ham shunga mutanosib: «Biz inson qadr-qimmati ustun dunyoni bunyod etamiz!». Xo‘sh, maqsadlar amallarga mosmi? Markazda qanday ishlar amalga oshirilyapti?

Markazimiz asosan odam savdosining oldini olish, bu jinoyatdan jabrlanganlarga ijtimoiy, psixologik ko‘mak berish, noqonuniy migratsiya, oilalardagi zo‘ravonlik, yuqumli kasalliklarning oldini olish kabi qator vazifalarni amalga oshirib kelmoqda, - deydi Respublika «Istiqbolli avlod» ijtimoiy axborot markazi viloyat bo‘limi rahbari Madina Najmiddinova. - Shu yilning besh oyi mobaynida markazning dolzarb aloqa tarmog‘iga 543 ta qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Murojaatchilarning 353 nafarini erkaklar, 190 nafarini ayollar tashkil qiladi. 200 nafar murojaatchiga huquqiy yordam ko‘rsatildi. Shu oylar davomida 10 ta ariza qabul qilingan bo‘lib, ularning to‘rttasi odam savdosidan jabr chekkanlar murojaatidir. Uch nafar fuqaroning Vatanga qaytishiga ko‘maklashildi, ularning uch nafari Rossiya Federatsiyasidan qaytib keldi. Bundan tashqari, odam savdosidan jabr ko‘rgan sakkiz nafar fuqaroga loyiha doirasida huquqiy, psixologik, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatildi. Markazning ijtimoiy xodimlari murakkab vaziyatda qolib, qaytib kelgan hamyurtlarimizga qanday yordam kerakligini o‘rganib, xulosalar bergach, tegishli yo‘nalishda ko‘mak ko‘rsatiladi. Ba’zilari o‘sha tushkun ruhiy holatdan chiqib ketishi uchun oylab muolajaga muhtoj bo‘ladi.

Aytish kerakki, odam savdosi jinoyati statistika bo‘yicha kamaygan bo‘lsa-da, aslida unday emas. Afsuski, jinoyatchilar uni amalga oshirishda elektron va yana boshqa ko‘plab usullardan foydalanmoqda. Bir qaraganda odamlar aldovga uchrayapti, ammo uni tasniflashga kelganda, afsuski, jabr chekkanlar o‘z ixtiyori bilan bu ishni amalga oshirmoqdalar. Ya’ni, qonuniy jihatdan ularga boshqa jazo choralarini qo‘llash mumkin bo‘lgani holda odam savdosi jinoyati moddasini qo‘llashning imkoni yo‘q.

Shu nuqtai nazardan aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib boryapmiz. Ichki ishlar idoralari xodimlari bilan hamkorlikda to‘rt oy davomida shahar-tuman hududlarida 30 ga yaqin targ‘ibot va tashviqot tadbirlari o‘tkazildi. Bundan tashqari, hududiy komissiya a’zolari, ichki ishlar idoralari, prokuratura xodimlari ishtirokida «Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish» mavzusida seminar-treninglar o‘tkazildi.

Markaz qoshida +998995299494 raqamli ishonch telefoni faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

Xorijdagi vatandoshlarimizga yordam berish uchun qariyb har bir davlatda nodavlat notijorat tashkilotlaridan hamkorlarimiz bor. Kelgan murojaatlar shu hamkorlarimizning yordami bilan ijobiy hal etilmoqda. Xorijda qiyin ahvolda qolgan, ya’ni odam savdosi jinoyatidan jabr chekkan yoki oiladagi zo‘ravonlikka duch kelgan yurtdoshlarimiz bizga murojaat etish orqali muammolariga yechim topishlari mumkin.

Darvoqe, yuqorida misol sifatida keltirilgan Maryam ham farzandlari bilan Rossiya davlatidan aynan «Istiqbolli avlod» markazining hamkorlari yordamida yurtimizga qaytdi. Hamon unga ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Bu fikrlar qayta-qayta aytilgan o‘sha xulosani beradi: xorijga chiqishdan avval barcha vaziyatni hisobga oling, qonunchilikdan xabardor bo‘lish barobarida o‘zingizni himoyalash uchun yetarlicha ma’lumotga ega bo‘lib borish eng muhim vazifalardan bo‘lib qolmoqda.

Gulruh MO‘MINOVA.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.