Xorijiy davlatlarda mehnat huquqlari buzilayotgan fuqarolarga yordam ko‘rsatilmoqda
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy davlatlarda O‘zbekiston fuqarolarining mehnat huquqlarining buzilishi, xususan, majburiy mehnatga jalb etilayotganligi, oylik ish haqlarini o‘z vaqtida ololmayotganligi yoki noqulay sharoitlarda mehnat faoliyatini amalga oshirayotganligi yuzasidan ayrim xabarlar tarqatildi.
O‘zbekiston fuqarolarining nafaqat mamlakatimiz hududida, balki xorijiy davlatlarda ham mehnat sohasidagi huquqlari buzilishining oldini olish bo‘yicha Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan zarur choralari ko‘rib borilmoqda.
- Birgina, 2022 yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda elchixonalarimiz va konsullik idoralarimiz tomonidan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 14 ming nafar mehnat migrantiga huquqiy yordam, 271 ming nafariga maslahat xizmatlari, 20 ming nafariga ijtimoiy yordam, 3,8 ming nafariga moddiy yordam ko‘rsatilib, 1,4 ming nafariga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi, - deyiladi Oliy Majlis Senatining Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi xabarida. - Shuningdek, xorijiy ish beruvchilardan fuqarolarimizning 1 199,7 ming AQSh dollari miqdorida ish haqi va kompensatsiyalari undirib berilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Bu borada Milliy komissiya tomonidan xorijiy davlatlarning parlamentlari, Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot bilan yaqindan konstruktiv hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Jumladan, yuqorida ijtimoiy tarmoqlarda xabar berilgan holatlar ham Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tomonidan nazoratga olinganligi va bu borada xorijdagi hamyurtlarimizga amaliy ko‘mak ko‘rsatilayotganligi ma’lum qilinadi.
- Agar Siz majburiy tarzda biror bir mehnatga jalb etish, munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish, ish haqini o‘z vaqtida bermaslik bilan bog‘liq muammolarga duch kelsangiz “1176” hamda “1092” raqamli “ishonch telefon”lari, dmi.mehnat.uz sayti orqali yoki «@mehnathuquq_bot» va «https://t.me/migratsiyaagentligi» telegram kanali orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz, - deyiladi xabarda. - Har bir ma’lumot va murojaat belgilangan tartibda tezkorlik bilan o‘rganib chiqiladi va tegishli zarur choralar ko‘riladi.