Xorijlik mutaxassislar Samarqandda masofaviy ta’limni rivojlantirishga yordam bermoqchi

Kecha, 24 iyun kuni Samarqand davlat chet tillar institutida xorijning nufuzli bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda onlayn vebinar o‘tkazildi. Unda masofaviy ta’limni rivojlantirish hamda xorijiy tillarni o‘qitishning muammo va istiqbollari muhokama qilindi.

Jarayon doirasida Buyuk Britaniyaning Aston universitetidan professor Suye Garton, Rossiyaning Voronej davlat universitetidan professor Yelena Chayka, Ukrainaning Mikolayev davlat universitetidan professorlar Tetyana Meronenko hamda Lesya Dobrovolskaya, shuningdek, indoneziyalik ingliz tili mutaxassisi Budiavan Mat Davim ishtirok etdi.

Onlayn vebinarda mutaxassislar xorijiy tillarni masofadan o‘qitish usullari, tanlangan o‘qitish konsepsiyasiga asoslangan masofaviy ta’limning o‘quv-tarbiyaviy jarayonini ta’minlovchi o‘qitish uslublari to‘g‘risida institut professor-o‘qituvchilari bilan fikr-mulohazalarini almashdi.

Xorijlik mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan onlayn vebinar qiziqarli va muhokamalarga boy tarzda yakunlandi. Kelgusida bu kabi onlayn vebinarlar muntazam o‘tkazib borishga kelishib olindi.

SamDChTI axborot xizmati.