Xorijlik olimlarni Samarqandda parazitar kasalliklar bilan qanday kurashilayotgani qiziqtirdi
Samarqandda respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasallikliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L.Isayev nomidagi filiali tashabbusi bilan AQShning “ING-International” kompaniyasi prezidenti, akademik P.Ignatov, Sankt-Peterburg davlat agrar universiteti dotsenti V.Turitsin ishtirokida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada parazitar kasalliklarni davolash va tashxislash jarayonida zamonaviy yuqori texnologik apparatlarni tatbiq qilish bo‘yicha xorijlik mutaxassislar tadqiqotlari natijalari bo‘yicha fikrlarini bildirib o‘tdi.
Tadbir davomida xorijlik olimlar bilan tajriba almashish bilan birga, AQShda faoliyat olib borayotgan olim P.Ignatov tomonidan yaratilgan dori preparati asosida brutsellyoz kasalligi bartaraf etishda hamkorlikda ish olib borish masalasi muhokama qilindi.
– Anjumanda yosh olimlarning chet elda malakasini oshirish, institut tomonidan parazitologiya sohasida tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarida xorijlik olimlarning ta’lim berish masalasini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasallikliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazining L. M. Isayev nomidagi filiali direktori Lola Mahmudova. – Shuningdek, kelgusida telemeditsinani yo‘lga qo‘yish orqali mahalliy mutaxassislarning tajribasini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, L.Isayev nomli institut qariyb 100 yillik tarixga ega. 1920-1930 yillarda butun dunyoda, shuningdek, O‘rta Osiyoda ham bezgak kasalligi avj olgan vaqtlarda Rossiyadan yosh olim boshchiligida ekspeditsiya guruhi ushbu kasallikni bartaraf qilish uchun safarbar qilingan. Guruh tomonidan olamshumul ishlar olib borilishi natijasida bezgak va leyshmanioz kabi kasalliklariga olib keluvchi zanjir uzilgan. L.Isayevning sa’y-harakati bilan O‘zbekistonda yuqoridagi kasalliklar batamom yo‘q qilingan. Olim umrini oxirigacha O‘zbekistonda qolib o‘z hayotini parazitologiya sohasiga bag‘ishlab, institutga asos solgan.