Xoshimin shahridan Istanbulga uchayotgan samolyot Samarqandda favqulodda qo‘ndi

Vetnamning Xoshimin shahridan Istanbulga yo‘l olgan Turkish Airlines aviakompaniyasining TK163 reysi Samarqand xalqaro aeroportiga favqulodda qo‘ndi.

Boeing 787 ekipaji bortdagi yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli muqobil aerodromga yo‘l olishga qaror qildi.

Samolyot Samarqandga Toshkent vaqti bilan soat 3:40 da qo‘ndi. 1959 yilda tug‘ilgan Fransiya fuqarosi bo‘lgan yo‘lovchiga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yurak xuruji gumon qilinmoqda. Yo‘lovchi va unga hamroh bo‘lgan ikki kishi qo‘shimcha tekshiruv va davolanish uchun tibbiyot xodimlariga topshirildi.

Zarur amaliyotlar bajarilgandan so‘ng, parvoz davom ettirildi. Mahalliy vaqt bilan soat 5:11 da Turkish Airlines aviakompaniyasining reysi Istanbulga jo‘nab ketdi.