Xotirjamlikka asos yo‘q

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida respublikamizda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. “Tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xodimlarining kasb malakasi va jasorati, huquq-tartibot idoralari xodimlarining fidoyiligi, shuningdek, karantin davridagi qat’iy intizom mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni nisbatan barqaror saqlash imkonini bermoqda.

Lekin bu xotirjamlikka berilish, masalaga yengil-yelpi qarash uchun asos bo‘lmasligi kerak”.

Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 10 iyuldan 1 avgustga qadar mamlakat hududi bo‘ylab kuchaytirilgan karantin tartibi o‘rnatilishi esa hali mamlakatda koronavirusga qarshi kurash ishlarini yanada kuchaytirish, samaradorligini oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Bilamizki, koronavirus kasalligi viruslar oilasining o‘rganilmagan turiga kiradi. Har qanday yangi virusning oqibatlari qanday tugashi va bundan keyin o‘zini qanday tutishini bilmaymiz. Immunitetimiz u bilan hali tanish emas, shuning uchun organizmga ko‘proq tajovuzkor ta’sir qiladi va kutilmagan asoratlarni keltirib chiqaradi. Ma’lumki, mamlakatimizda 2020 yil 17 martdan boshlab ushbu kasallik - COVID-19 infeksiyasi bo‘yicha cheklov tadbirlari joriy etilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh Davlat sanitariya vrachining 2020 yil 17 martdagi «COVID-19 koronavirus infeksiyasining respublika xududida tarqalishining oldini olish, kasallikni to‘g‘ri tashxislash va davolash jarayonida profilaktik cheklov tadbirlarini joriy etish to‘g‘risida»gi 5-sonli qarori ijrosi bo‘yicha klinikada mazkur eng muhim ishlarga kirishilgan edi. Shu kundan e’tiboran klinikaning kirish darvozasi oldida tunu-kun faoliyat olib boradigan mas’ul vrachlardan tarkib topgan navbatchilik faoliyati tashkil qilindi va ma’muriyat xodimlari tomonidan qat’iy nazorat qilinib borildi.

Davolanish uchun yo‘llanma bilan yuborilgan bemorlar, tug‘ruq kompleksiga kelgan homiladorlar va klinika xodimlari uchun klinika darvozasi oldida hamda barcha bo‘limlarning kirish eshigida filtr tashkil qilindi. Filtr pirometr va yetarli miqdorda termometr, dezinfeksiyalovchi moddalar, xodimlar uchun yetarli miqdorda himoya vositalari (niqob, respirator, antiseptik)lar bilan ta’minlandi.

Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahbarligida 2020 yil 26 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining “Koronavirus pandemiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat va bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 21-sonli bayoni ijrosini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratdik. Videoselektorda davlatimiz  rahbari tomonidan shifokorlar  oldiga katta vazifalar qo‘yilgandi. Shu asosda tibbiyot va Qurolli Kuchlar oliy o‘quv yurtlari talabalaridan iborat “ko‘ngillilar otryadlari tuzildi, aholining surunkali kasalliklarga chalingan qatlami, 60 yoshdan oshgan aholi orasida hayotiy muhim ehtiyojsiz tashqariga chiqmasligini keng targ‘ib qilish, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan va kam ta’minlangan oilalar uchun zarur oziq-ovqat, gigiyena va dori vositalarini yetkazib berish ishlarini tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

COVID-19 bilan kasallanganlarning birlamchi muloqotdagilari uchun 5 ta observatsion punkt va 2020 yil 25 maydan boshlab 14 ta mehmonxonalarda “provizor statsionar”lar tashkil qilindi. Ularga Samarqand shahridagi  davolash-profilaktika muassasalaridan 180 dan ziyod vrachlar, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun biriktirildi.

Samarqand shahrida tashkil qilingan shunday muvofiqlashtiruvchi shtab ko‘rsatmasiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi mavjud bemorlar bilan birlamchi muloqotdagi fuqarolar uchun observatsion punktlardagi fuqarolarga hamda Samarqand shahridagi “Grand Otel Sogdiana”, “Ideal”, “Siti Samarkand”, “Bo‘stonsaroy”, “Sharq” “Bibixonim”, “Barakat”, “Yangi Sharq”, “Marvarid”, “Hamroxonim” va “Jahon Palas” mehmonxonalarida tashkil qilingan provizor statsionarlarda “Autsorsing” xizmati orqali 4 mahal issiq ovqat berildi.

Bundan tashqari, viloyatimizda koronavirus bilan zararlanganlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun tashkil qilingan Samarqand viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida va viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida klinikaning reanimatolog, pulmonolog kabi mutaxasiss shifokorlar va hamshiralari jalb qilindi.

Barcha observatsion punktlar distansion pirometrlar, bir martalik himoya kiyimlari, antiseptiklar, niqoblar va tibbiy qo‘lqoplar hamda boshqa tibbiy vositalar bilan ta’minlandi. Birlamchi muloqotda bo‘lgan observatsiyadagi fuqarolarga davlat byudjeti tomonidan virusga qarshi dori vositalari berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Klinikaning reanimatsiya bo‘limi bazasida joylashgan Samarqand davlat tibbiyot institutining «Anesteziologiya va reanimatologiya» kafedrasining professor-o‘qituvchilari ishtirokida xodimlarning shaxsiy himoya vositalarini kiyish va yechish qoidalari, karantin o‘chog‘ida koronovirus bilan kasallangan bemorlar bilan davolashni olib borish va o‘zlarini himoya qilish tartibi bo‘yicha tibbiyot xodimlari o‘qitildi hamda bir vaqtning o‘zida master klasslar tashkil qilindi. Shu bilan birga ZOOM dasturi orqali “COVID-19 kornonovirus infeksiyasi” mavzusiga bag‘ishlab o‘tkazilgan barcha xalqaro va respublika miqyosidagi onlayn ilmiy-amaliy konferensiyalar va vebinarlarda klinika vrachlari ishtirok etishdi va bu orqali o‘z bilim saviyalarini yanada mustahkamlab olishlariga erishildi.

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyruqlari asosida Samarqand shahridagi aksariyat davolash-profilaktika maussasalari COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ajratiladigan qo‘shimcha zaxira shifoxonalar ro‘yxatiga kiritilganligi yoki karantinga yopilganligi munosabati bilan Samarqand viloyati tumanlari va shahar aholisiga klinikaning barcha bo‘limlarida ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat hamda og‘ir yurak qon-tomir, o‘pka kasalliklari bilan kasallangan homiladorlarga akusherlik xizmati ko‘rsatilishi karantin qoidalariga qat’iy amal qilingan holda tashkil qilindi hamda bemorlarning samarali davolanib chiqishlariga erishildi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb qilingan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo‘shimcha ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida mazkur infeksiyadan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan,  zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’yektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyasida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilandi.

Moliya vazirligining 2020 yil 5 apreldagi №01/05-12-03-34/58 xatiga asosan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davr uchun barcha xodimlarga ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lov amalga oshirilmoqda.

Nargiza ABDULLAYeVA,

Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-klinikasi bosh vrachi, tibbiyot fanlari doktori.