Xuddi baliqlardek…
Indoneziyadagi Badjau dengiz ko‘chmanchilari suvda yashaydi(mi?)
Suv ostida nafas ola olmasdan odam qancha vaqt tura oladi? Odatda 30 soniyadan 90 soniyagacha bo‘lgan vaqt norma hisoblanadi. Indoneziyadagi Bajau xalqining deyarli hammasi suv ostida 13 daqiqagacha nafas olmasdan suzib yura oladi. Savol tug‘iladi: ular ham bizga o‘xshagan insonlarmi!? Yoki...
Kunining 60 foizini suvda o‘tkazadigan, tanasining tuzilishi oddiy odamlarnikidan keskin farq qiladigan bu odamlarning talog‘i (qorajigar) g‘ayrioddiy tarzda katta. Badjau xalqining odatda tyulenlarda uchraydigan ushbu "burilish"i bir necha ming yillik suvdagi hayot davomida rivojlangan. Bolalar ham yoshligidan suzadi, ularning organlari dengiz muhiti va sho‘ng‘ish ta’sirida o‘sadi.
Taloq miya va yurakka kislorodni taqsimlashga yordam beradi, ma’lum muddat suvda bo‘lgan odamda kislorod kamaygach, "sho‘ng‘ish refleksi" faollashadi. Shunda yurak urish tezligi pasayib, faqat hayotiy organlar qon bilan ta’minlana boshlaydi. Taloqning o‘zi esa kislorodli qizil qon tanachalarini qon aylanish tizimiga sura turib qisqaradi.
Umr bo‘yi suzib yuruvchi uylarda yashab, Osiyo suvlarida ko‘chmanchi hayot tarzini o‘tkazadigan Badjau baliqchilar qabilasining yuzlab avlodlari kunining 60 foizini suvda o‘tkazadi. Shu sababli bo‘lsa kerak ular tanasida muqarrar ravishda moslashuv ro‘y bergan.
Ular rekordchimi?
Badjau musobaqalarda qatnashmaydi. 2021 yilda suv ostida eng uzoq qolish 24 daqiqa 37 soniyani tashkil qilgan rekordni xorvatiyalik Budimir Shobat o‘rnatdi, biroq sho‘ng‘in oldidan u sof kisloroddan yutgan, bu esa mutlaqo adolatdan emas. Negaki, Bajau xalqining har bir mohir baliqchisi suvda 13 daqiqani bemalol bajara oladi. Shu bilan birga, ular pastki qismda mollyuskalarni qidirish va tuzoqlarni tekshirish maqsadida 70 metr chuqurlikka sho‘ng‘ishadi.
Qizig‘i, hayot sharoitlari ba’zi xalqlarning tashqi qiyofasini o‘zgartirishga majbur qilgan. Misol uchun, tibetliklarning qo‘llari boshqa odamlarga qaraganda bir oz uzunroq. Tailanddagi moken xalqi esa suv ostiga ko‘zlari ochiq holda suzishadi. Ular og‘riqsiz qarab, okean tubida mayda mollyuskalar va boshqa oziq-ovqatlarni yig‘ib olishadi.