Xudoynazar YuNUSOV: “Qachonki qonunlar ijrosi to‘liq ta’minlansa, korrupsiya yo‘qoladi”

Ikki yil oldin Samarqand qishloq xo‘jalik instituti negizida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti tashkil etildi. Ushbu oliy ta’lim muassasasida ta’lim jarayonlaridan tortib, ichki tizim ham tubdan o‘zgardi. Xo‘sh, bunga qanday qilib erishildi? Bu haqda institut rektori Xudoynazar Yunusovning fikrlari bilan o‘rtoqlashdik.

- Xudoynazar Beknazarovich, bilamiz siz ancha payt xorijda ishlagansiz. Shu sababli chet el va o‘zimizning ta’lim tizimini solishtirish imkoniyatiga egasiz. Ikki yillik rahbarlik faoliyatidan kelib chiqib yurtimiz ta’lim tizimining sizga yoqqan va yoqmagan tomonlari nimalardan iborat bo‘ldi?

- Men uchun juda og‘ir savolni berdingiz. Yoqqan tomoni, oliy ta’lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq barcha qonunlar xuddi rivojlangan xorijiy davlatlardagidek mukammal ishlangani. Ammo o‘sha qonunlarning bajarilishi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan solishtirganda juda sust. Yana bir gap. Chet elda talaba hech qachon o‘zlashtira olmagan fani uchun dekanga yoki rektorga murojaat qilmaydi. Baho olish uchun qarindosh-urug‘larini ishga solmaydi. Ular bunday holatni tasavvuriga ham sig‘dira olmaydi. Imtihondan o‘ta olmadimi, qaytadan topshiradi. Buning uchun tayyorgarlik ko‘radi, o‘qiydi, izlanadi. Boshqacha yo‘l axtarmaydi. Dunyo bo‘yicha ta’lim tizimida korrupsiyaga oid holatlar bor, lekin O‘zbekistondagidek emas. O‘zbekiston ta’lim tizimida korrupsiya holatlari, afsuski juda ko‘p. Odamlar negadir qonunlarga, test tizimining shaffofligiga ishonmaydi, biror tanishi farzandini o‘qishga kiritib qo‘yaman, desa ishonadi. Menga ta’lim tizimiga kirib kelayotgan kredit modul tizimi juda ma’qul bo‘lmoqda, biroq odamlarimiz shuniyam qing‘ir yo‘llarini toparmikan, deb o‘ylab qolaman.

- Faoliyatingiz davomida institutda qanday yangiliklar, o‘zgarishlar qildingiz?

- Oldimga qo‘ygan asosiy vazifalarimdan biri institutni korrupsiya, qarindosh-urug‘chilik va har xil buzg‘unchilardan xoli qilish edi. Ikkinchisi, institutni rivojlangan xorijiy oliy ta’lim muassasalari qatoriga olib chiqish. Uchinchisi, institutda amalga oshirilayotgan ilmiy ishlarni xalqaro miqyosda tan oladigan darajaga yetkazishdan iborat. Ish faoliyatimni mana shu uchta vazifani bajarishdan boshladim va bir muncha ishlarni amalga oshirdik.

Ikki yil ichida 47 nafar magistrni yetuk mutaxassis qilib tayyorladik. Institut tarixida birinchi marta magistrlar o‘qishni tugatmasdanoq yuz foiz ishli bo‘ldi. Ular hozir ilmiy ish olib bormoqda. Bakalavrlar ham nasib bo‘lsa, o‘z sohasining bilimdoni bo‘lib yetishadi. O‘tgan yili o‘qituvchilarimizdan 25 foizining skops (xorijdagi nufuzli) jurnallarda maqolalari chiqqan bo‘lsa, bu yil 40 foiz o‘qituvchining maqolasi chop etildi. Hatto xorijlik professor-o‘qituvchilar institut o‘qituvchilari bilan hamkorlikda o‘quv darsliklari tayyorlash taklifini bildiryapti. Bu ishlarining natijasi 2-3 yil ichida ko‘rinadi, albatta.  

- Institutni korrupsiyadan tozalashga ahd qildim, deyapsiz. Bunga o‘qituvchi va talabalarning munosabati qanday bo‘ldi?

- Korrupsiyasiz ishlash taklifini aytganimda, boshida jamoa har xil qabul qildi. Jamoada meni to‘g‘ri tushunib, maqsadlarimni ijobiy qabul qilganlar ham, aksincha takliflarimni qabul qila olmaganlar ham bo‘ldi. Hatto har xil gaplar tarqatib, ishimga qarshilik qilishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ustimdan tuhmat gaplar yozib, obro‘yimni tushirishga harakat qilgan holatlar ham bo‘ldi. Talabalar esa korrupsiyasiz ta’lim tizimini ijobiy qabul qilishdi. Ularning ba’zilari avval pul berib, ko‘chada yurgan bo‘lsa, endi darslarda qatnashish, o‘qish kerakligini tushunib yetdi.

- Nima uchun oliy ta’lim muassasalarida bir-birining ustidan yozish, davlat tashkilotlariga shikoyat qilish ko‘p uchraydi? Mana siz qator yillar Rossiya davlatida ishlagansiz, Rossiya oliy ta’lim muassasalarida ham shunday holat bormi?

- Oliy ta’lim muassasalaridagi bir-birining ustidan yozishning sababi, ko‘rolmaslik. Biri ikkinchisidan omadli, bilimli bo‘lsa, hasad qilish boshlanadi. Bu faqatgina O‘zbekiston yoki Rossiyada emas, balki butun dunyoda bor muammo. Masalan, amerikalik olimlar ham bir-birining ustidan yozadi. Nima uchun? Masalan, bitta laboratoriyada 15 nafar olim ishlaydi. Ularning ichidan kimdir 5 yilda ilmiy tadqiqot qildi, ammo qolganlari biror narsani kashf qila olmadi. Shunda ularda ham ko‘rolmaslik boshlanadi. Rossiyada ham bunday holatlar yo‘q emas. Kimdir ilmiy tadqiqot qiladigan bo‘lsa, ko‘pincha unga hammuallif sifatida kimnidir qo‘shish taklif qilinadi.

Demokratiya hayotimizga kirib kelganidan so‘ng hech kim bir-biridan qo‘rqmay qoldi. Internet tarmoqlarida esa bo‘hton, yolg‘on, haqoratlar ko‘payib ketdi. Odamlar internetdagi har xil ma’lumotlarni to‘g‘ri deb tushunib, muallifga dalda bera boshladi. Rivojlangan mamlakatlarda bu kasallik boshlanganida hamma xavotirga tushib qolgandi. Ular hozir bu muammodan qutilgan. Biz hozir shu kasallik ustida turibmiz. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, bir-biriga tosh otganlar tiqilib yotibdi. Qachonki odamlar bu axborotlardan bezsa, o‘shanda hayotimiz yana iziga tushadi.     

- Shu sohaning vakili sifatida ta’limdagi korrupsiyani yo‘qotish uchun nimalarni o‘zgartirish kerak, deb hisoblaysiz?

- Yuqorida aytganimdek, bizda qonunlar mukammal ishlangan. Biroq ularning ijrosi juda sust. Qachonki qonunlar ijrosini to‘liq ta’minlasak, ana shunda korrupsiya yo‘qoladi. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik uchun o‘qituvchilar yetarlicha rag‘batlantirilayapti.  Masalan, o‘tgan yili fan nomzodlarining oylik ish haqi 30 foizga, fan doktorlariniki 60 foizga oshirildi. Bugungi kunda professor 7-8 million so‘m atrofida maosh olyapti. Ta’lim tizimida harakat qilgan mutaxassis talabadan ta’masiz ham yetarli miqdorda ish haqi oladi. O‘z ishini to‘g‘ri bajarib, yuzi yorug‘ bo‘lib, maoshga yashagan yaxshimi yoki pora olib, qachon qo‘lga tusharkanman, deb qo‘rqib yurgan yaxshimi? Har kim o‘z vazifasini vijdonan, to‘g‘ri bajarsa, korrupsiya o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.  

- Siz o‘zingiz institutda shu o‘zgarishlarni qila olasizmi?

- Rahbar sifatida jamoani korrupsiyadan tozaladim, deb ayta olaman. Har yili o‘qituvchilarni imtihondan o‘tkazyapman. Hammasi so‘z beryapti, ishini ko‘rsatyapti, shuning uchun ishida qolyapti. So‘z berolmagan, ishini ko‘rsata olmagani boshqa ish izlayapti. Yuqorida aytganimdek, tuhmat qilish, ustimdan yozishidan qat’i nazar institutga bilimi past, ta’magir xodim kerak emas. Fanni bilmasa, muttaham bo‘lsa, u qanday qilib talabalarga dars berishi mumkin? U o‘qitgan talabalar ertaga kim bo‘ladi? Biz yoshlarni shunday tarbiya qilishimiz kerakki, ularning xayoliga o‘zlashtira olmagan fanni qaytadan o‘qishdan boshqa narsa kelmasin.

Xurshida ERNAZAROVA

suhbatlashdi.