XXI asrning yangi epidemiyasi: nomofobiya bolalar fiziologik va ruhiy salomatligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Mobil qurilmalar bugun kichik yoshli bolalarning sevimli ovunchog‘iga aylanib ulgurdi. Ota-onalar bolalarning turli injiqliklari va xarxashalarini tinchitish uchun qo‘liga telefon tutqazib, o‘zlari turli yumushlar bilan band bo‘ladi. Eng qizig‘i, 3 yoshli farzandi gadjetlar bilan bemalol muomala qilayotganidan faxrlanib ham qo‘yadi.

Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan telefonga qaramlikka kasallik darajasida qaralmoqda. Bolalarda telefonga qaramlik jismoniy salomatlikka yomon ta’sir etishi bilan birga, bolaning ruhiy rivojlanishini keskin o‘zgartirib yuborishi mumkin. Bunday bolalar qattiq qo‘rquv, xavotir, tushkunlik, jiddiy bezovtalik kayfiyatida bo‘lishadi.

Ularda maqsadlar yo‘qligi, agressivlik, ortiqcha jazavaga tushish kuzatiladi. Faqat telefonlardagi virtual hayot ta’sirida bo‘lishadi. Agar vaqtida zarur choralar ko‘rilmasa, kelgusida bu bolalar jamiyatda befarq, loqayd kishilarga aylanishi mumkin.

Shu bois har narsaning me’yori bo‘lgani kabi gadjetlardan foydalanishda ham ma’lum talablar bo‘lishi kerak. Zero, virtual olamga qattiq bog‘lanib qolish insonning fiziologik va ruhiy salomatligida jiddiy muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

XXI asr - axborot texnologiyalari, innovatsiyalar asri. Bu yaxshi, albatta. Chunki innovatsiyalar, texnologiyalar jamiyatimizning rivoji, ravnaqi uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, yangi asrda yangi kasallik — nomofobiya vujudga kelgani kishini o‘ylantiradi. Xo‘sh, bu o‘zi qanday kasallik?

Aytish joizki, nomofobiya (mobil fobiya) telefonsiz qolish qo‘rquvi hisoblanadi. Davolash mumkin bo‘lgan xastaliklardan ham xavotirliroq bu kasallik asr vabosi deb ham tan olingan. Shu sababli dunyoning ko‘plab davlatlarida bu kasallikni aniqlash va davolash ustida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, raqamli qurilmalardan ko‘p foydalanadigan o‘quvchilarda ruhiy va xatti-harakatlarining buzilishi, asab tizimi kasalliklarning yuqori darajada tarqalishi, qon aylanish, nafas olish tizimi kasalliklari, ovqat hazm qilish organlaridagi muammolar, tish og‘rig‘i va kariyesdan shikoyatning ko‘pligi, umuman, turli kasalliklarning yuqori darajada tarqalishi kuzatilgan.

Lekin ayrim ota-onalar smartfonlarning yoshlar salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirayotganini bila turib, bu masalaga panja orasidan qarayotgani taassufli.

Bolalar bizning kelajagimiz, ertamiz davomchilari hisoblanadi. Ular bilan hayotimiz obod, ko‘nglimiz charog‘on. Shunday ekan, bugun biz tarbiyalayotgan farzandlar kelgusida ruhiy jihatdan kimgadir qaram, loqayd, befarq kimsalar bo‘lib emas, balki har tomonlama sog‘lom, barkamol, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan avlod bo‘lsin. Bu esa, eng avvalo, ota-onalar, keng jamoatchilik va sizu bizga bog‘liq.

Muzaffara ABDIYeVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.