Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosarini yoqib yuborgan tadbirkor sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazilmoqda
Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur To‘ymayevning hayotiga suiqasd qilgan tadbirkor Bahriddin Isomovning keyingi taqdiri nima bo‘lgani qiziq, albatta.
Bosh prokuraturaning xabar berishicha, B.Islomov hozirda Toshkent shahrida sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tmoqda.
Yakkabog‘ tumani prokuraturasi tomonidan yuqorida qayd qilingan holat yuzasidan 20 iyul kuni Bahriddin Isomovga nisbatan Jinoyat kodeksining 25- va 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atgandi.
Isomovning himoya huquqi ta’minlanib, himoyachisi Sh.G‘ayirov ishtirokida gumon qilinuvchi tariqasida so‘roq qilingan. 21 iyul kuni Isomov Jinoyat-protsessual kodeksning 221-moddasi tartibda ushlanib, bu haqda yaqin qarindoshlariga ma’lum qilingan va qarindoshlari tomonidan olib kelingan kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlangan.
22 iyul kuni Isomovga ayb e’lon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Ayblanuvchi qarindoshlari tomonidan taklif qilingan himoyachisi X.Jabborov bilan xoli uchrashiga sharoit yaratib berilgan.
Isomovga nisbatan sud-psixiatriya ekspertizasi tayinlanib, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumani sudining 22 iyuldagi ajrimi bilan statsionar tartibda sud-psixiatriya ekspertizasi o‘tkazish uchun Toshkentga yuborilgan. Shu kuni unga turmush o‘rtog‘i Nodira Haydarova va o‘g‘li Sharofiddin Daminov bilan uchrashuv tashkil qilib berilgan.
Ta’kidlash joiz, tadbirkor Bahriddin Isomovning do‘koni buzilmaydigan bo‘ldi. Uning do‘konini buzmoqchi bo‘lgan tuman hokimi o‘rinbosari Mansur To‘ymayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.