Yana 18 ta  davlat xizmatini xususiy sektorga berilishi mumkin

So‘nggi uch yilda 27 turdagi davlat xizmatlari xususiy sektorga berildi. Lekin vazirliklarda bu yo‘nalishda hali qilinadigan ishlar juda ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, Davaktiv agentligi rieltor va baholovchini imtihondan o‘tkazish, toifa berishni, Turizm qo‘mitasi gidlarga malaka sertifikati berish xizmatini, Agrosanoat inspeksiyasi qishloq xo‘jaligi va maxsus texnikalarni majburiy ko‘rikdan o‘tkazishni xususiy sektorga berishi mumkinligi ta’kidlandi. Boshqa vazirlik va idoralarda ham tadbirkorlar bemalol qila oladigan xizmatlar juda ko‘p.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga 1 martga qadar 11 ta, 1 oktyabrgacha yana 18 ta  davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralarini ko‘rish topshirildi.

Har bir vazirlikka o‘z tizimidagi qaysi xizmatni xususiy sektorga, jumladan autsorsingga berish va yangi xizmatlarni joriy qilish mumkinligi bo‘yicha taklif tayyorlash topshirildi. Bu borada Raqobat qo‘mitasining mas’uliyati belgilandi.

Tadbirkorlarda yer uchastkalari va davlat mulkini ijaraga olish yoki xususiylashtirish shartlari bo‘yicha savollar ko‘pligi bois, bu borada ochiq, shaffof, manfaatli shartlarni ishlab chiqish va e’lon qilish vazifasi qo‘yildi.