Yana bir avtomobil portladi: Bu kabi hodisalarning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Har yili avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlarining nosozligi yoki ulardan foydalanish qoidalariga amal qilinmasligi oqibatida ko‘plab baxtsiz hodisalar sodir bo‘ladi. Xususan, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda yana bir gaz balloni portlagan avtoulov surati tarqaldi. “Samarqandda”, deya ta’kidlangan ushbu ma’lumot bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdik.

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea joriy yilning 25-fevral kuni, soat 11:30 da Samarqand shahri Mirzo Bedil ko‘chasida joylashgan avtomobillarga metan quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Unda 2019-yilda ishlab chiqarilgan “Neksiya-3” rusumli avtomobilga siqilgan gaz (metan) quyish vaqtida uning gaz ballonida yorilish sodir bo‘lgan.

Afsuski, bu hodisa qurbonsiz bo‘lmadi. Shoxobchada ishlovchi 1980-yilda tug‘ilgan fuqaro M.Z. og‘ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan. Mas’ul idoralar jarayonda boshqa hech kim jarohat olmaganligi, voqea oqibatida yong‘in kelib chiqmaganini aytishmoqda.

— Voqea joyiga viloyat favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari, prokuratura va boshqa tegishli idoralarning kuch va vositalari jalb qilinib, hodisa oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rildi, - deydi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Ilhom Boqiyev. – Ayni vaqtda hodisa yuzasidan dastlabki surushtiruv va o‘rganish ishlari davom etmoqda. Aytish joizki, o‘tgan yili ham viloyatimizda avtomobillarga o‘rnatilgan gaz ballonlari bilan bog‘liq bir nechta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Holbuki, oddiy texnika qoidalariga amal qilish orqali bu talafotlarning oldini olish mumkin edi. To‘g‘ri, boshqarmamiz tomonidan joylarda tizimli targ‘ibot ishlari olib borilyapti. Biroq muammoning oldini olish uchun har bir inson, xoh u haydovchi, xoh yo‘lovchi bo‘lsin, shaxsiy mas’uliyatni his qilishi, jamoat nazoratini kuchaytirishi lozim.

Xo‘sh, avtomobil xavfsizligi uchun nimalarga ahamiyat berish kerak? Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga ko‘ra, quyidagi omillar transportga o‘rnatilgan gaz ballonlarining xavfsiz va ishonchli ishlashini belgilab beradi:

- foydalanish muddati. Ishlab chiqaruvchilar tomonidan gaz ballonlarining foydalanish muddati 15 yil, deb belgilangan. Ammo uni saqlash va ekspluatatsiya sharoitining og‘irligiga qarab bu muddat kamayishi mumkin.

- Davriylik sikli. Bu ko‘rsatkich gaz balloniga bir yilda necha marta gaz quyish kerakligini anglatadi. Bu ko‘rsatkich ishlab chiqaruvchilar tomonidan yiliga ming marotaba, deb belgilangan. Ammo amaliyotda ayrim haydovchilar gaz balloniga yiliga ikki ming marotabadan ham ko‘proq gaz quyishadi.

- Bosim. Gaz ballonidagi bosim 20 megapaskaldan oshib ketmasligi kerak. Afsuski, ko‘pchilik haydovchilar uzoqroq yo‘l bosish maqsadida ko‘proq bosim ostida gaz quyishga harakat qilishadi.

- Texnik ko‘rik. Gaz ballonlari har yili kamida bir marotaba yuqori bosim ostida sinovdan o‘tkazilishi kerak. Bu gaz balloni devorlarining mustahkamligini aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, jarayonda ballondagi cho‘kmalar va boshqa chiqindilar tozalanadi.

- Sifat. 2018-yil fevral oyidan respublikamizda SPG-2 turdagi (kapron) gaz balloni foydalanishdan chiqarilgan. Bunga mazkur gaz ballonlarining yetarli darajada mustahkam emasligi va foydalanish muddatining qisqaligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Ammo hozir ham “kapron” kompozit qoplamali gaz ballonlaridan foydalanish holatlari tez-tez uchrab turadi.

- To‘g‘ri o‘rnatish. Gaz ballonlari faqat tegishli litsenziyaga ega mutaxassislar tomonidangina o‘rnatilishi lozim. Shuningdek, gaz uskunalarining standart xavfsizlik klapanlari bo‘lishi kerak. Arzon va qo‘lbola xavfsizlik klapanlari tezda ishdan chiqadi va zarur hollarda ishlamay qoladi. Oqibati esa hammaga ma’lum.

Asqar BAROTOV.