Yana boshlandi: Sektor rahbari oziq-ovqat berdi, saxovat ko‘rsatdi...

Iltimos, davlat tomonidan, homiylar hisobidan ajratilgan mahsulotni, dori-darmonni yetkazib berib, shundoq ham ko‘ngli yarim insonni suratga olmang. Yuz-ko‘zida mung bo‘lgan kishining qo‘liga besh litr yog‘, to‘rt kilo guruch yoki makaron, shakar tutqazib, suratini ijtimoiy tarmoqda tarqatmang. O‘z hisobingizdan berganingizda ham buni ko‘z-ko‘z qilish riyoga aylanmaydimi?

Odatda, xayriya, saxovat qilgan odam bu ishga ta’ma ilinjida yoki boshqalarga ko‘z-ko‘z qilish uchun qo‘l urmaydi. Savob umidida, ko‘ngildan chiqarib bajariladi bu amallar.
Mayli, balki kimlargadir, qaysidir idoralarga hisobot uchun kerakdir. Ammo buni ham o‘sha odamlarga sezdirmay suratga olib qo‘yish mumkin-ku?!
Muruvvatingizdan bahramand bo‘lgan odamning fotoob’yektiviga qarab suratga tushishi shart emasdir..?