Yana darsliklar haqida yoxud ona tili o‘qitishda matn yaratish, adabiyotda matn ustida ishlash qachon asosiy o‘ringa chiqadi?
Maktab darsliklari ilmiy-mantiqiy mukammal, uslub jihatidan qulay va eng asosiysi, iqtisodiy samarali bo‘lishi lozim. Lekin darsliklarimiz bu talabga javob beryaptimi? Masalan, ona tili va adabiyot darsliklari bu talablarga yetarlicha javob bera olmayotgani tez-tez ta’kidlanmoqda.
Endilikda ulardagi nuqson va kamchiliklarni bartaraf qilish yoki shu kungacha bo‘lgani kabi qayerlarinidir boshqacharoq yozib chiqish bilan ish bitmaydi. Darsliklarimizning mazmun va hajmini belgilashda juda ko‘p narsalarni dunyoning bugungi iqtisodiy tilida ifodalashimizga to‘g‘ri keladi. Ana shundagina ular hayotiy ehtiyojga aylanadi.
Adabiyot qalb me’mori sifatida badiiy mantlarsiz yashay olmaydi. Ta’limda sharhlarga shunchalik berilib ketdikki, hatto ko‘plab o‘rinlarda badiiy asar matni bir chekkada qolib keta boshladi. G‘oyat kichik hajmli “Bemor” hikoyasi uchun ikki-uch sahifa atrofida sharh... Abdulla Qahhor asarlaridagi muxtasarlik oldida, ehtimol, bu ham kamlik qilar, ammo bolalar uchun hikoyaning takror–takror o‘qish zavqi ahamiyatli.
Yoshlarimiz ongini asar haqidagi xulosalar bilan to‘ddirishdan ko‘ra ular qalbini badiiy matnlar nuridan bahramand qilgan ma’qul. Matni bilan yetarlicha tanishmay, u haqidagi maqolani o‘qib qo‘ya qolish – mag‘iz qolib, po‘choqqa ega bo‘lishdir. Alisher Navoiy “Mantiqut-tayr”ning o‘zini emas, bugungidek u haqdagi tafsilotlarni ko‘proq o‘qiganida, ayni ulug‘likka erishishi boshqacharoq kechgan bo‘lardi. Chunki bunday sharoitda badiiy matn berishi mumkin bo‘lgan haqiqiy katarsis - muhabbat va nafrat, achinish hayajoni zaiflashardi.
Badiiy adabiyot hamma vaqt ham sharhlashga ehtiyojmand bo‘lavermaydi. Buvilarimiz ertak aytganida, bobolarimiz doston kuylaganlarida bunga juda ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Ha, badiiy adabiyotni turli darajadagi sharhlar bilan liq to‘la darsliklardan emas, iloji boricha badiiy asarlarning o‘zidan, hech bo‘lmaganda, majmualar qamragan matnlar doirasida o‘rgangan ma’qul.
Adabiyot ta’limini samarasiz sarhadlar tomon eltuvchi omillardan yana biri hajm muammosidir. Avvallari bir sinfda ko‘pi bilan sakkiz-o‘n ijodkorning asarlaridan namunalar berilardi. Bu raqam o‘n olti-o‘n sakkiz va undan ham oshib ketmoqda. Ta’limda ko‘pni oz-ozdan siylashdan ko‘ra ozga mukammal ruh berishning ahamiyati katta.
Bundan tashqari, o‘quv materiallaridagi haddan tashqari tig‘izlik talay yaxshi narsalarni chetlab o‘tishimizga ham sabab bo‘ladi. Masalan, Gulxaniy ijodini o‘rganishda bir-ikki dars nima bera oladi? Ma’joziy hikoyalarning masal to‘nini kiyib, yetakchi mavqe olib qolishi va hatto asar nomini ham ko‘paytirish (zarb) amali bilan aloqadorlikda to‘g‘ri talqin qilolmaslik o‘sha tig‘izlik tufayli emasmi?
Ona tili ta’limida ham ahvol ko‘ngildagidek emas. “Grammatika - grammatika uchun” qolipidan voz kechib, “Grammatika - fikrni aniq va lo‘nda ifodalash uchun” shiori asosida faoliyat boshlaganimizga ancha bo‘lishiga qaramay, nazariy o‘rganishlar ko‘lami oldingilardan oshsa oshdiki, kamaymadi. To‘g‘ri, ayrim darsliklarimizda matn mashqlariga e’tibor qaratilganga yaqin holatlarga ham duch keldik. Ammo bu ezgu umid qoidabozliklar o‘rnida emas, ko‘pincha ularning yonidan, asosan, uy vazifasi ko‘rinishida joy olishga urinib ko‘rdi. Shu tariqa grammatika o‘zining o‘qish va yozish san’ati degan azaliy mazmunidan juda uzoqlashib ketdi va nazariy o‘rganishlar ko‘lami borgan sari oshaverdi. Bu o‘quvchilarda ona tilimiz go‘zalliklarini chuqur his va idrok qilish imkoniyatlarini cheklab qo‘ygan. Ular bilan qiladigan zarur ishlarimiz juda ko‘p bo‘lgan bir sharoitda talay filologik kelishuvlarni o‘rganishga vaqt sarf qilishdan nima foyda?
Boshlang‘ich sinflardayoq, hali bolalarning savodi durustroq chiqib ulgurmasdan, dastur va darsliklar talabiga ko‘ra “tagiga chizish”larni boshlab yuborish kimga va nimaga kerak? Aql gimnastikasi deysizmi? Axir, bunday tafakkur mashqlarini kundalik hayotda asqotadigan bilim va ko‘nikmalarni egallash asosida ham bemalol bajarsa bo‘ladi-ku!
Dunyo ona tili yo‘nalishidagi darsliklarning tamomila yangi avlodiga ehtiyoj seza boshlaganiga ancha bo‘ldi. Asosan XIX asr o‘rtalarida ommalasha boshlagan va ikki asrga yaqin vaqt davomida o‘zining avj nuqtasiga ko‘tarilgan grammatizm saltanati inqirozga yuz tutmoqda. Yangi darsliklar tarixi peshqadam o‘qituvchilar va ma’rifat ahli tasavvurida jonlanib turibdi hamda yuksak ehtiyoj sifatida talay yillardan beri ularni maftun qilib kelmoqda. Endi eng ilg‘or tajribalardan foydalanilgan holda darsliklarning butunlay yangi avlodi dunyoga keladi. Ona tili o‘qitishda matn yaratish, adabiyotda esa matn ustida ishlash asosiy o‘ringa chiqadi, jozibali nutq ko‘nikmalarini shakllantirish hayot darsligi go‘zalliklari bilan uyg‘unlashadi va ta’lim bugungi imkoniyatlar qurshovida o‘zining haqiqiy yuksakliklariga ko‘tariladi, darsliklar insoniyatning ma’rifatli chehrasi sifatida borgan sari chiroy ochaveradi.
Ilash Abdiyev.