Yangi avtobuslar shahrimiz ko‘chalarida sinovdan o‘tkazilmoqda

Keyingi kunlarda Samarqand shahri ko‘chalarining eng gavjum bo‘lgan 51-, 70- va 66-yo‘nalishlarida Xitoyda ishlab chiqarilgan yangi avtobuslar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

- Prezidentimiz topshirig‘iga asosan Samarqand shahridagi yo‘nalishlarda harakatlanayotgan avtobuslarni yangilariga bosqichma-bosqich almashtirilishi ko‘zda tutilgan, - deydi viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati rahbari Sherzod Xalilov. - Shu sababdan aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan dunyoning yetakchi zavodlarida ishlab chiqarilgan avtobuslarning texnik jihatlari, yo‘lovchilarga yaratilgan qulayliklarini o‘rganish maqsadida ushbu avtobuslar sinovdan o‘tkazilmoqda.

“Dilshodtransservis” MChJ tomonidan Buxoro viloyatidan 3 ta, “2531-avtojamlanma” MChJ tomonidan Jizzax viloyatidan 1 ta avtobus keltirilib, vaqtincha yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.

-  Sinovdan o‘tgan ushbu jamoat transportlari ayni vaqtda yo‘llarimizda harakatlanayotgan “Isuzu” avtobuslariga nisbatan ancha qulay, - deydi “Dilshodtransservis” MChJ rahbari Asad Ahmedov. – Yo‘lovchi sig‘imi ko‘p, yumshoq o‘rindiqlar, texnik jihatdan ko‘p yillar ta’mirsiz harakatlanishi bilan haydovchilarimizda yaxshi taassurot qoldirdi. Keng va yorug‘ avtobuslarda haydovchilarga ham, yo‘lovchilarga ham sharoitlar yaratilgan. Yo‘nalishlarda qaysi turdagi avtobuslar to‘g‘ri kelishi, ularning texnik qobiliyati, yo‘lovchi sig‘imi, ta’mirlash imkoniyatlarini ham sinovdan o‘tkazib, o‘rganib boryapmiz.

Dilmurod To‘xtayev.