Yangi haftada yomg‘ir yog‘ib, harorat pasayadi
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, respublika hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida bugun kunduzi ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati +19...+24 daraja atrofida bo‘ladi. Hafta o‘rtasida havo o‘zgaradi.
8 noyabrda O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi. 8 noyabrda hududning katta qismida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 9 noyabrda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi saqlanib turadi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kuchli yomg‘ir yog‘adi. Baland tog‘larda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin. 10 noyabrda respublikaning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi.
8-10 noyabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s.gacha kuchayishi mumkin. 8-9 noyabrda harorat +13...+18 darajagacha asta-sekin pasayadi, 10 noyabrda +15...+20 darajagacha bo‘ladi. 10 noyabrga kelib, harorat kechasi +3...+6 darajacha pasayadi.