Yangi hokim o‘rinbosarlari, kamaytirilayotgan soliq turlari, korrupsiyaga qarshi kurashishni baholash: 1 fevraldan boshlab qonunchilikdagi o‘zgarishlar ma’lum qilindi
Adliya vazirligi 2022 yil 1 fevraldan kutilayotgan qonunchilikdagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.
1. Jismoniy shaxslarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida o‘z xonadonida baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka, UZV) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan, biroq daromadining 80 foizidan ortig‘ini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan sub’yektlar uchun:
➖foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari);
➖yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i;
➖yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
2. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar elektron tizim orqali aniqlanadi.
Hukumatnig 26-son qaroriga asosan “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga oid ma’lumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali aniqlanadi.
3. Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-81-son qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 fevraldan boshlab korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi, eksperiment tariqasida, tegishli ro‘yxatda keltirilgan va o‘z faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.
4. Yangi hokim o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-76-son qaroriga ko‘ra, 2022 yil 1 fevraldan boshlab:
viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinadi.
Shuningdek, Prezident qarorida Toshkent shahri va uning tumanlari hokimlarining arxitektura, kapital qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritilishi belgilangan.