Yangi investitsion loyihalar va eksportni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama etildi
Mamlakatimizda qulay biznes muhitini yaratish borasidagi ishlar natijasida keyingi yillarda har bir tuman va shaharga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kirib keldi.
Natijada eksportyor korxonalar soni ko‘paydi. Eksport qilinayotgan mahsulot turlari ham ko‘payib, salkam 3 mingtaga yetdi. Bugungi kunda viloyatimizning eksport geografiyasi 160 dan ortiq mamlakatni tashkil etmoqda. Tayyor mahsulot eksporti 2 baravarga, ularning tovarlar eksportidagi ulushi 60 foizga yaqinlashdi.
Bu sur’atni izchil davom ettirib, joriy yilda Samarqand viloyatida umumiy qiymati 2 milliard AQSh dollaridan ko‘proq bo‘lgan 500 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish belgilangan. Va bu maqsadga asosan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish orqali erishish rejalashtirilgan.
Ayni paytda ushbu loyihalarni amalga oshirib, xalq manfaatiga yo‘naltirish borasida tizimli ishlar tashkil etilmoqda.
Viloyat hokimligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda aynan shu masalalar, yangi investitsion loyihalarni hayotga tatbiq etish va eksportni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar muhokama etildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, tuman va shahar hokimlari hamda mutasaddilar bu borada amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan hisobot berdi.
Har bir hisobot atroflicha muhokama etilib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Loyihalarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha tarmoq mutasaddilariga aniq vazifalar belgilab berildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ayni paytdagi natijalar yetarli emasligi, bundan ikki-uch karra ko‘proq harakat qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlarga muammo yuzaga kelganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat hokimiga murojaat qilishlari mumkinligini hamda hokimlik ularga ko‘makchi bo‘lishini bildirdi.
Yig‘ilish yakunida ishga tushadigan loyihalar ijrosini hududlar va komplekslar kesimida haftalik nazorat qilib, muammolarga yechim topish zarurligi, tashqi bozorlarni tahlil qilib, yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.