Yangi kitob: “Yetti kun” – hayot saboqlarini mujassamlashtirgan asar
Samarqandlik yozuvchi, shoir va jurnalist Karimberdi To‘ramurodning shu nomdagi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Adabiyotda esdaliklar yozish qadimdan ma’lum. Sharqda adabiyotning bu turi xotiralar, ko‘rgan-kechirganlar deyiladi. Xalqimiz sevib o‘qiydigan asarlardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"si ana shunday asarlarning eng go‘zal namunasidir.
G‘arbda bu janr memuar deb atalib, o‘z davrining mashhur insonlari o‘zi guvoh bo‘lgan voqea-hodisalarni, o‘zi tanigan, bilgan kishilarni ta’riflagan. Cherchill, Yekaterina, Ford, Rokfeller, Georgiy Jukov, Olga Bertgols, Lyudmila Gurchenko, Obama kabi davlat arboblari, harbiylar, san’atkorlar, milliarderlar ana shunday memuarlar yozganlar.
Yozuvchi Karimberdi To‘ramurod ham 60 yoshida o‘zi ko‘rgan, eshitgan voqea-hodisalar haqidagi esdaliklarini yozdi va bu xotiralarni “Yetti kun” deb nomladi. Ijodkor hayotini yetti faslga ajratib, tavallud topgan kunida yaqinlari, do‘stlari, ustozlari, shoir va yozuvchilar, kitobsevarlar davrasida kitob taqdimotini o‘tkazdi, xotiralarini bo‘lishdi.
Taqdimot marosimida ta’kidlanganidek, ijodkor asarlari yoshlarning mutolaaga qiziqishini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Unda bayon etilgan hayotiy kuzatishlar, samimiy fikrlar va xulosalar o‘quvchini befarq qoldirmaydi.
- Ijodkor bu kitobda o‘zi yashagan davr voqealariga yozuvchi nazari bilan qarab, yosh avlodga ibrat bo‘ladigan xulosalarini bayon qilgan, - deydi faxriy jurnalist Toshpo‘lat Rahmutalluayev. – Shu bois muallif memuar yozgan buyuklar kabi ko‘proq o‘zining ibratlarini yozgan. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi. “...Yomonliklarimni yozmadim, gunoxlarimni yozmadim. Aslida, yomonliklarim ham, gunoxlarim ham oz emas.... Kitobdan o‘zingiz uchun biror foydali ibrat olgan bo‘lsangiz, buni Allohdan yetgan inoyat, deb biling”. Asar nafaqat xotiralar to‘plami, balki hayot maktabi vazifasini ham o‘taydi. Ayniqsa, yoshlar uchun bu asar hayotni anglash, to‘g‘ri yo‘lni tanlash va o‘z ustida ishlashga undaydigan muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Taqdimot marosimida yozuvchi asarlari haqida iliq fikrlar bildirildi, ijodidan namunalar keltirilib, she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar kuylandi.