Yangi kitoblar: Siyosiy madaniyat va yoshlar tafakkuri jamiyat kelajagini belgilaydi
Yurtimizda yangi taraqqiyot bosqichida demokratik jamiyatni barpo etish, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, yuksak siyosiy tafakkurli avlodni voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida eng muhim masala — inson tafakkurini, ongini o‘zgartirish, jamiyatda siyosiy va huquqiy madaniyatni yuksaltirishdir”, deya ta’kidladi.
Ayniqsa, globallashuv sharoitida yoshlarning siyosiy madaniyati, mafkuraviy immuniteti va ijtimoiy faolligi masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Chunki mamlakat kelajagi, uning barqaror taraqqiyoti, avvalo, mustaqil fikrlay oladigan, siyosiy bilim va ongga ega, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga tayangan yosh avlod bilan bevosita bog‘liq. Shu ma’noda, siyosiy madaniyat va mafkura masalalarini ilmiy-nazariy jihatdan chuqur tahlil etuvchi asarlarning nashr etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda Toshkentdagi “Dilbarjin” nashriyotida O‘zbekiston milliy universiteti professori, siyosiy fanlar doktori Baxtiyor Omonovning “Siyosiy madaniyat va mafkura” hamda “Yoshlar siyosiy madaniyati” nomli asarlari kirill va lotin alifbosida alohida kitob holida bosmadan chiqdi.
Davlat ta’lim standarti va fan dasturi asosida ishlab chiqilgan “Siyosiy madaniyat va mafkura” nomli o‘quv qo‘llanmada siyosiy madaniyat, siyosiy ong va mafkura tushunchalarining mazmun-mohiyati, ularning evolyusiyasi, tarkibiy elementlari — siyosiy mafkura, siyosiy tafakkur, siyosiy xulq-atvor, siyosiy kayfiyat va siyosiy qadriyatlar izchil ravishda yoritilgan. Shuningdek, siyosiy ong va madaniyatning muhim funksiyalari, mafkuraning liberalizm, konservatizm, sotsial demokratiya kabi modellari, siyosiy madaniyatning milliy o‘zlik va siyosiy yetakchilik bilan bog‘liq jihatlari ilmiy tahlil qilingan.
Siyosiy madaniyat deganda har bir fuqaroning siyosiy tuzum va jamiyat hayotidagi maqsad-vazifalarni anglashi, uning siyosiy bilimi, ongi, qarashlari va faolligi tushuniladi. Mazkur fanning asoschilari hisoblangan g‘arb olimlari G. Almond va S. Verba siyosiy madaniyatni bilim, hissiyot va baholash kabi tarkibiy qismlardan iborat ekanini ilmiy asoslab bergan. Mafkura esa siyosiy madaniyatga nisbatan ilgariroq vujudga kelgan bo‘lib, bugun jamiyatda shakllangan mafkuraviy qarashlar milliy davlatchilik poydevorini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan olganda, Baxtiyor Omonovning mazkur o‘quv qo‘llanmalari keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar uchun jamiyat, siyosat, iqtisod va milliy o‘zlik masalalarini chuqur anglashga, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishga undaydi.
Muallifning “Yoshlar siyosiy madaniyati” kitobi ham bugungi kunning dolzarb mavzusiga bag‘ishlangan. Asarda globallashuv sharoitida yoshlar siyosiy madaniyatini takomillashtirish mexanizmlari, yosh avlodda ijtimoiy-innovatsion faollikni oshirish omillari chuqur tahlil qilingan. E’tiborli jihati shundaki, muallif xorijiy va milliy tajribalarni qiyosiy o‘rganish asosida ilmiy xulosalar chiqaradi hamda jamiyatni tashvishlantirayotgan muammolarga amaliy yechimlar taklif etadi.
Bu jihatdan qadimgi yunon faylasufi Suqrotning “O‘zgalarni o‘zgartirmoqchi bo‘lgan inson, avvalo, o‘zini o‘zgartirishi lozim” degan hikmatli fikri ham bugungi islohotlar mohiyati bilan hamohangdir.
Kitoblarga Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kafedra mudiri, siyosiy fanlar doktori, professor M.Qirg‘izboyev, O‘zbekiston milliy universiteti kafedra mudiri, siyosiy fanlar doktori, professor I.Ergashev, Toshkent kimyo-texnologiya universiteti professori, falsafa fanlari doktori S.Otamurodov tomonidan taqrizlar yozilgan. Ushbu o‘quv adabiyotlari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar institutining ilmiy-tadqiqot ishlari rejalari asosida tayyorlanib, nashrga tavsiya etilgan.ac