Yangi kitoblar: “Tafakkur va taraqqiyot quyoshi”
Samarqand davlat universiteti professori, jahon fiziologlari jamiyati akademigi, ko‘plab olimlarning ustozi Bakriddin Zaripovning uchta kitobi yaqinda poytaxtimizdagi “Zamin nashr” nashriyotida chop etildi.
Ushbu kitoblarni akademikning boy ilmiy tajribasi va hayotiy saboqlarining qaymog‘i, deyish mumkin.
“Tafakkur va taraqqiyot quyoshi” deb nomlangan risolada muallif muqaddas dinimiz va xalqimiz tarixiy an’analari, urf-odatlaridagi komillikka intilish g‘oyalaridan kelib chiqqan holda ma’rifatning, xususan, kitob o‘qishning mohiyati xususida tadqiqotlariga asoslangan xulosalarini beradi. Baxtli bo‘lish, to‘kis hayot kechirish, farovon yashashning birdan-bir manbai ilm olishdir, deb ta’kidlaydi olim.
“Tafakkurning 64 nuqtasi” kitobida ajdodlarimiz “aql charxi” sifatida qaragan shaxmat o‘yini haqida so‘z boradi. Bu kitob iqtisod fanlari doktori, senator Murtazo Rahmatov hamda shaxmat bo‘yicha ko‘plab turnirlar tashkilotchisi va homiysi Anvar Shukurov hammuallifligida tayyorlangan. Risola mualliflari shaxmat tarixi, buyuk ajdodlarimizning aql mashqiga bo‘lgan e’tibori haqida batafsil to‘xtaladi hamda yurtimizdan yetishib chiqayotgan yosh va nomdor shaxmat ustalarining yutuqlaridan faxr hisini bayon etadi.
Olimning M.Rahmatov bilan hammualliflikda yozilgan, Konfutsiy hikmatlari o‘rin olgan yana bir kitobi “Bilimsizlik – insoniyat uchun eng qorong‘i tundir” kitobi ham ilm targ‘iboti haqida.
Faylasuf Konfutsiy bilimsizlikni eng qorong‘i tunga o‘xshatgan edi. Xo‘sh, bunday illatga qarshi qanday kurash olib borish mumkin, uning aniq, sinalgan yo‘li bormi? Kitob mualliflari ushbu savollarga javob izlaydi, o‘quvchiga bu borada o‘z xulosalarini beradi. Faylasufning hayot va faoliyati, uning himatlari mohiyatini mulliflar o‘z hayotiy tajribalari misolida tadqiq etadi.
Ushbu kitoblar mazmunan bir-birini to‘ldirib, insonning azaliy orzusi – baxtli bo‘lish, to‘kis hayot kechirish va farovon yashashning mohiyati haqida jo‘yali xulosalar beradi.