“Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarning borishi qoniqarsiz
Bu haqda ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan ipoteka dasturi doirasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2025 yil uchun rejalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytildi.
Yig‘ilishda hamma hokimlar ham qurilishning iqtisodiyotimiz uchun, aholi farovonligi uchun qanchalik muhimligini tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
- O‘tgan yili uy-joy qurilishida Toshkent shahri, Navoiy, Buxoro, Xorazm va Samarqandda ishlar yaxshi tashkil qilindi, - dedi Prezident. - Lekin “Yangi O‘zbekiston” massivlaridagi ishlarning borishi qoniqarsiz. Qoraqalpog‘iston, Jizzax va Sirdaryoda esa infratuzilma va quruvchilar bilan ishlash o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Xorazmda 98 ta, Buxoroda 65 ta, Jizzaxda 19 ta, Navoiyda 12 ta auksionda sotib olingan yerda qurilish boshlanmagan.
Ba’zi xonadonlar aholi va infratuzilmadan uzoq, talab bo‘lmagan joyda qurilgani uchun bir yildan beri sotilmayapti.
Yig‘ilishda “Yangi O‘zbekiston” massivlarini qurish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Endi “Yangi O‘zbekiston” massiviga berilgan yer bo‘yicha loyihalashni 2 oydan, qurilishni boshlashni 3 oydan oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu talab buzilsa, yer qaytarib olinib, qayta auksionga chiqariladi.
Loyiha ekspertizasini o‘n besh kundan o‘tkazib yuborgan tashkilotlarning litsenziyasi to‘xtatib qo‘yiladi.
Qurilishda “eskrou” tizimi joriy qilinmoqda. Bu tizim developerlarga hozirgidan pastroq stavkada mablag‘ jalb qilish imkonini beradi. Muhimi, developerlarni moliyalashtirish uy qurish bilan birga boshlanadi va davom etadi.
Fuqarolar esa qurilish boshidan ipoteka va subsidiya olish hamda uy bitmasdan turib ham boshqa odamga sotish imkoniga ega bo‘ladi. Bu bilan uy sotib oluvchilar kafolatli himoyalanadi.