Yangi virus oldingisidan 70 foizga yuqumliroq bo‘lishi mumkin
Yangi turdagi koronavirus Buyuk Britaniyada keng tarqalmoqda. Bugun koronavirus yuqtirganlarning 65 foizida aynan mutatsiyaga uchragan koronavirus aniqlangan. Britaniya qirolligi bo‘ylab cheklovlar e’lon qilingan, lekin odamlar orasidagi kontakt to‘liq uzilmagani tufayli yangi turdagi virus tez tarqalyapti.
Ma’lum qilinishicha, yangi virus oldingisidan 70 foizga yuqumliroq bo‘lishi mumkin, lekin oldingisiga qaraganda ko‘proq o‘limlarga sabab bo‘lishi isbotlanmagan.
Koronavirusning yangi shtammning O‘zbekistonga kirib kelishining oldini olish maqsadida chet eldan kirib kelayotgan fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish, ekspress usulida antigen test sinamalari o‘tkazish, shifoxonalarga joylash, karantinga olish va muloqotda bo‘lganlarni izolyasiya qilish tadbirlari davom ettirilmoqda.
Dastlabki shtammdagi koronavirus infeksiyasida bo‘lgani kabi bu shtammda ham niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etish, qo‘llarni antiseptiklar bilan zararsizlantirish eng samarali usullar hisoblanadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Botir Qurbonov ma’lumot berdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2020 yilning 21 dekabridan Britaniya va yangi shtamm aniqlangan boshqa 8 ta mamlakatlar bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan edi.