Yangi yil bayramini ko‘ngildagidek o‘tkazaylik!

Shu yilning 20 dekabr kunidan boshlab Samarqandda profilaktik tadbirlar boshlanishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilindi.
Shunga ko‘ra, 20 dekabrdan boshlab Samarqand shahri va tumanlar markazlarida tashkillashtiriladigan «Yangi yil» va «Prezident archasi» bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida profilaktik tadbirlar amalga oshiriladi.
Bundan maqsad - Yangi yil bayramini ko‘ngildagidek o‘tkazish, osoyishtalikni saqlashdan iborat. Bu borada ichki ishlar idoralari tizimida bayram kunlari tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar tasdiqlangan reja asosida amalga oshirilmoqda.
Bunda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatimizning har bir go‘shasi, ayniqsa, bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylar soha xodimlarining alohida e’tiborida. Noxush holatlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik, xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan maxsus reydlar o‘tkaziladi.
Zero, bugun oldimizga tinch-osoyishta hayotimizni asrash va mustahkamlash, xalqimizning kafolatlangan xavfsizligini ta’minlash masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda. Buning uchun doimo ogoh va sergak bo‘lib yashash, bu ezgu ishga bosh qo‘shishimiz, safarbarligimizni yanada oshirish zamon talabi ekanini unutmaylik.
Otabek Salixov,
Samarqand viloyati IIB huzuridagi TB O‘MIB tergovchisi.