Yangilanayotgan Konstitutsiya xalq farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ladi
Shu kunlarda mamlakatimizda tarixiy jarayon qizg‘in kechmoqda. Xalqimiz ertangi kunini, kelajagini aniq belgilab olish uchun, Yangi Konstitutsiya loyihasiga ovoz berish uchun referendumga tayyorlanmoqda.
Samarqand viloyat sudida an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Ma’rifat soati” ushbu tarixiy jarayonlarga bag‘ishlandi. Viloyat sudi sudyasi M.Ergashev yangi Konstitutsiya loyihasi, unda belgilangan sud-huquq sohasiga doir yangiliklar to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 715 ta takliflar kelib tushgan va ularning 25 foizi loyihaga kiritilgan.
Loyihani tayyorlashda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin davlat tajribasi o‘rganilgan.
Konstitutsiya moddalari 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalar 275 tadan 434 taga oshgan.
Xususan, O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” ekanligi hamda ushbu qoidalarni o‘zgartirish mumkin emasligi belgilanmoqda.
Shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkinmasligi, ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilish asoslari unga tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik, ya’ni “sukut saqlash” huquqi kafolatlanmoqda.
Yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sud qaroriga asosan cheklanishi mumkin.
Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.
Odil sudlovga erishish darajasini oshirish va sudyalar mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar kiritilmoqda. Jumladan:
-hech qaysi boshqa organ yoki shaxs sud hokimiyatining vakolatini o‘zlashtira olmasligini inobatga olib, “odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi” konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda;
- sudyaning boshqa organlar va shaxslardan xoli bo‘lishini ta’minlash maqsadida sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi qat’iy o‘rnatilmoqda.M.Ergashev o‘z so‘zi yakunida barcha sudya va sud xodimlarini ushbu tarixiy jarayonda aholi o‘rtasida tushuntirishlar, targ‘ibotlar o‘tkazishda faol bo‘lishga, shuningdek, oila a’zolari bilan referendumda faol qatnashib, o‘rnak bo‘lishga chaqirdi.
Shuningdek, viloyat sudi sudya katta yordamchisi A.Abdiyev referendum tartib-qoidalari haqida gapirdi.
Tadbirda savol-javoblar, fikr-mulohazalar bildirildi. Ayniqsa, aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar berildi.
Samarqand viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.