Yangiqo‘rg‘ondagi masalalar yuzasidan deputatlik so‘rovlari yuborildi

Prezidentimizning joriy yil 15-16 aprel kunlari viloyatimizga tashrifi davomida hamda viloyat faollari yig‘ilishida bergan topshiriqlari asosida sektor rahbarlari, xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari bilan birgalikda «mahallabay» tizimda fuqarolar murojaatlarini o‘rganib, muammolarini hal etishga harakat qilinmoqda.

Jumladan, viloyat Kengashi deputati sifatida o‘zim saylangan Yangiqo‘rg‘on saylov okrugi hududidagi mahallalarda yashovchi aholi bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammo va kamchiliklarni o‘rganyapman.

Oqdaryo tumanidagi Temirak hamda Yangiravot-1 mahallalarida bo‘lib o‘tgan fuqarolar bilan uchrashuvlarda elektr energiyasi va tabiiy gazdagi uzilishlar, toza ichimlik suvining yetishmasligi hamda tevarak-atrofda paydo bo‘layotgan noqonuniy chiqindixonalar masalasida ko‘plab savollar tushdi. Shuningdek, «Temir daftar», «Yoshlar daftari» hamda «Ayollar daftari»ga kiritilgan fuqarolarning ijtimoiy ahvolini yaxshilash, ishsizlarni ishga joylashtirish, kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha murojaatlarini ham qayd qildim.

Tumandagi Chuqur qishlog‘i fuqarolari farzandlari serqatnov avtomobil yo‘lini kesib o‘tib, 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kelishida qiyinchiliklarga duch kelib, piyodalar o‘tish yo‘lagi, zarur yo‘l belgilari yo‘qligi tufayli yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘layotgan ekan.

Temirak mahallasida yashovchi N.Mardiyev qishlog‘idagi elektr nimstansiyasining 1960 yilda o‘rnatilgani, simyog‘ochlarning foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi bo‘yicha murojaat qildi. Ma’lum bo‘lishicha, buzilib qolgan, ma’naviy eskirgan elektr tarmoqlarini qishloq aholisi pul yig‘ib, o‘zlari ta’mirlashmoqda.

Yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidan «Samarqand avtoyo‘l» hududiy yo‘llardan foydalanish boshqarmasi hamda «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati rahbarlariga deputatlik so‘rovlari yubordim. Mahalliy darajadagi boshqa muammolar tuman hokimligi bilan kelishilgan holda hal etiladigan bo‘ldi.

Gulzoda NEGMATOVA,

xalq deputatlari viloyat kengashi deputati.